O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

YUNESKO: Umrimiz davomida tillarni oʻrganaylik

YUNESKO: Umrimiz davomida tillarni oʻrganaylik
26-sentyabr – Yevropa tillari kuni 

2001-yildan boshlab har yili 26-sentyabrda Yevropa tillari kuni (European Day of Languages) kuni nishonlanadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad har bir yevropalik kamida ikkita tilni bilishini taʼminlash, tillar xilma-xilligini, dunyo tillarini oʻqitishni rivojlantirish va bu tillarni oʻrganishni qoʻllab-quvvatlashdan iborat. 

Shuningdek, madaniyatlararo va tillararo oʻzaro munosabatlar darajasini yuksaltirish maqsadida tillarni oʻrganish muammosiga eʼtibor qaratish; Yevropa tillari boyligini, xilma- xilligini namoyish qilish, shuningdek nafaqat maktabda, umumun insonlar hayoti mobaynida turli tillarni oʻzlashtirishlarini ragʻbatlantirish maqsad qilingan. Yevropa tillari kuni 2001-yil 6-dekabrda Yevropa Ittifoqining qoʻllab-quvvatlashi bilan Yevropa Kengashi tomonidan eʼlon qilingan.

Darhaqiqat, shunday davrda yashayapmizki, bugungi kunda kamida bitta xorijiy tilni biladigan odamlar soni ortib bormoqda. Xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqish dunyo boʻylab keng tarqalmoqda. Biror bir xorijiy tilni oʻrganish odatiy meʼyorga aylanib bormoqda. Shu sababli ham XXI asrda YUNESKO “Umrimiz davomida tillarni oʻrganaylik” degan shiorni oʻrtaga tashladi.

Yevropa Ittifoqining siyosatlaridan biri tillarni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan. Buning uchun fuqorolarning albatta xorijiy bitta tilni oʻrganishlari ragʻbatlantirib turiladi. Koʻp tillarni bilish zarurligi alohida taʼkidlanadi.

Yevropa hududlarida 225 ta avtoxton til (tub xalqlar istiqomat qiladigan joylarla ishlatiladigan til) bor, ularning yarmidan koʻpi yo yoʻq boʻlib ketgan, yo asta-sekin boshqa tillarga qoʻshilish bilan yoʻqolib borayotgani aytiladi.

Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi tuzilmalarida 24 ta til: ingliz, bolgar, venger, grek, daniya, irland, ispan, italiyan, latish, litva, malta, nemis, niderland, polyak, portugal, rumin, slovak, sloven, fin, fransuz, xorvat, chex, shved, eston tillaridan foydalaniladi.

Yevropa Ittifoqi idoralari tomonidan qabul qilinadigan barcha qarorlar rasmiy tillarga tarjima qilinadi, YEI mamlakatlarining fuqorolari istalgan rasmiy tillar boʻyicha murojaat qilishlari mumkin. Oliy darajali tadbirlarda ishtirokchilarning chiqishlari imkon qadar barcha rasmiy tillarga tarjima qilinadi.

Ammo, YEI tillarning teng xuquqli ekanligi borasidagi bayonotlarga qaramay, ayrim vaqtlarda “yevropa ikki tililik” holatlari ham uchrab turadi, yaʼni rasmiy tadbirlardan tashqarida asosan ingliz, franuz, shuningdek, nemis tilidan foydalanish kuzatiladi.

Tahlilchilarning fikricha, XX asrning ikkinchi yarmida iqtisodiy va siyosiy migratsiya natijasida Yevropaning deyarli har bir davlatida, ayniqsa ularning poytaxtlarida turlli millatlarning tillarida yangrayotgan gaplarni eshittish mumkin. Germaniyada turk tili, Shvetsiya va Fransiyada arab tili keng tarqalgan, Londonda esa, soʻngi soʻrovlarga koʻra, 336 ta tilda soʻzlashuvchi xalqlarni uchratish mumkin ekan.

Qachonki bolalar oʻz ona tillarida oʻqishni toʻhtatar ekan, oʻsha til yoʻqolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tillarni saqlab qolish bu oʻsha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bogʻliq. Til har bir millat madaniyatining oʻzagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. 

Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. “Xorijiy tillarni bilish insonning madaniyatidan, ziyoliligidan darak beradi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch”, deganida donishmandlar ming marta haq fikrni aytishgan.

850
Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA