O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Yuliy sezardan ham yuksakroq fazilatlarga ega inson kim edi?

Yuliy sezardan ham yuksakroq fazilatlarga ega inson kim edi?

Ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ta’rifu tavsiflar ko‘p. Ayniqsa, dunyoga mashhur siyosatchilar, olimlarning unga bugungi zamon nuqtai nazaridan bergan baholari shoir va sarkarda bobomizning shaxsiyatini yanada teranroq anglash imkoniyatini beradi.

Masalan, mustaqil Hindistonning Birinchi Bosh vaziri Javoharla’l Neru o‘zining “Hindistonning kashf etilishi” nomli asarida Boburni “Uyg‘onish davrining tipik hukmdori” deb e’tirof etsa, ingliz tarixchisi Eduard Xolden “Yuliy sezarga qaraganda ham yuksakroq fazilatlarga ega inson” deya ta’riflaydi. Atoqli tarjimon Uilyam Erskinning bahosi ham qiziq: “Ilm-ma’rifatga ixlos borasida Osiyoda tengi yo‘q podshoh”. Taniqli olima V.Stebleva ulug‘ ajdodimizni “O‘rta Osiyodagi turkiyzabon she’riyatni yuksak mahorat cho‘qqilaridan biriga olib chiqqan so‘z zargari”, atoqli sharqshunos N. Veselovskiy esa “Botirligi va jur’atiga chek bo‘lmagan beqiyos sarkarda” deb ataydi. Fransuz olimi Len Pul “nozik adabiy zavq sohibi, turmushni tanqidiy idrok etgan olijanob inson”, akademik V.Zohidov “Hindiston taraqqiyoti uchun o‘ta zarur bo‘lgan birlikni ta’minlay olgan davlat arbobi” degan tavsiflarni ishlatadi.

Tarix solnomalariga aniqroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, Bobur Mirzo 1494 yildan Farg‘ona, 1497 yildan Movarounnahr, 1504 yildan Qobul, 1507 yildan temuriylar saltanati, 1511 yildan Qandahor, 1526 yildan Hindistondagi boburiylar sulolasi hukmdori edi. Buyuk siymo shaxsiyati va ijodiyotining fidoiy tadqiqotchilaridan biri hisoblangan Annet Beverijning ta’rifiga ko‘ra, “Bobur Mirzo barlos turklariga mansub bo‘lib”, Farg‘ona podshohi Umarshayx Mirzoning o‘g‘li, Sulton Abu Said mirzoning nevarasi, Sulton Muhammad Mirzoning chevarasi, Mironshoh Mirzoning evarasi va buyuk Sohibqiron Amir Temur hazratlarining nabirasi edi.

Movarounnahr uchun kechgan beomon janglar intihosida Bobur Mirzo Sohibqiron bobosi bunyod etgan buyuk saltanatning bir bo‘lagini yer sayyorasining qaysi iqlimida bo‘lsa ham, yagona davlat maqomida saqlab qolishga qat’iy bel bog‘ladi va bunga qisman bo‘lsa-da erishdi.

O‘sha asr boshida temuriy hukmdorlardan Husayn Boyqaro Xurosonni, Boysunqur Mirzo Buxoroni, Sulton Ali Mirzo Samarqandni, Bobur Mirzo Farg‘onani, Jahongir Mirzo G‘aznani, Sulton Mas’ud Hisorni, Sulton Uvays Badaxshonni, Muhammad Mas’um Kandahorni, Ibrohim Husayn Balxni, Abulmuhsin Marvni, Muhammad Muhsin Obivardni, Muzaffar Husayn Astrobodni, Haydar Muhammad Mashhadni, Ibn Husayn Qoyinni boshqarayotgan edi. Bitta yaxlit davlat 14 hududga bo‘lingan, qondosh hukmdorlarning aksariyati bir-biriga ashaddiy yov bo‘lgan sharoitda Bobur Mirzo iborasi bilan aytganda, Shayboqxon ya’ni Shayboniyxonga qarshi kurashning o‘zi bo‘larmidi? Nega o‘z vaqtida ulug‘ saltanatning metindan mustahkam devorlariga darz tusha boshlashining oldi olinmadi?! Sohibqiron beqiyos siyosiy iroda, mislsiz kuch, harbiy mahorat, favqulodda donolik, muqim adolat bilan bunyod etgan saltanat nima uchun tanazzul yo‘liga o‘tdi?!

Jahon tarixidagi eng buyuk saltanatlardan biri bo‘lgan, 488 yil davomida bugun jahon xaritasida turgan o‘ttizdan ortiq davlatlar hududini birlashtirgan sulolaning yulduzli onlari ham, judolik dog‘lari ham ko‘p edi. Temur va temuriylar tarjimai holiga nazar soladigan bo‘lsak, juda erta yoshda taxt sohibi bo‘lgan va ming afsuski, bu yorug‘ olamda juda qisqa umr ko‘rgan temuriyzodalar ancha. Deylik, Sohibqironning o‘g‘illaridan Muhammad Jahongir 21, Umarshayx 39, Mironshoh 43, nevaralaridan Muhammad Sulton 28, Pirmuhammad 32, Pirmuhammad (Umarshayx o‘g‘li) 42, Rustam 44 , Iskandar 32, Ahmad 38, Saydi Ahmad 39, Boyqaro 31, Abubakr 36, Umar 25, Xalil Sulton 28, Iyjal 29, Suyurg‘atmish 13, Ibrohim Sulton 42, Boysung‘ur 37, Suyurg‘atmish (Shohruh o‘g‘li) 29, Muhammad Jo‘qi 23 yil umr ko‘rdi, xolos. Saltanat asoschisi va uning 24 nafar naslining o‘rtacha yoshi 35-37 dan oshmaydi.

Yana shuni e’tibordan soqit qilmaslik kerakki, o‘sha davrning murakkab demografik shart-sharoitlardan tashqari, Movarounnahr va Xurosonda tashqi va ichki halokatli urushlar ko‘p sodir bo‘lgan edi. Bu saltanat daxlsizligiga ta’sir o‘tkazmasdan qo‘ymadi.

Hukmdorlik taxti goh metindek qattiq, goh shishadek mo‘rt bo‘ladiki, Usmonlilar saltanatining 625 yillik tarixida jami 36 taxt sohibi hukm surgan bo‘lsa. 1617-1623 yillar ya’ni 5 yil davomida 5 marta sulton almashgan edi. Boburiylar saltanati solnomasiga nazar soladigan bo‘lsak, Humoyun 11, Akbar 50, Jahongirshoh 25, Shoh Jahon 31, Avrangzeb Olamgir 49, Bahodirshoh 5, Jahondorshoh 2, Farruh Siyar 6, Muhammadshoh 29, Ahmadshoh 6, Olamgir Ikkinchi 5, Shoh Olam Ikkinchi 47, Akbar Ikkinchi 31, Bahodirshoh 21 yil hukm surdilar. So‘nggi boburiy Bahodirshohning qizi 1930 yilgacha yashab keldi.

Buyuk shoir, adolatli shoh, qomusiy alloma, iste’dodli sarkarda, ulkan tarixchi, atoqli adabiyotshunos, iqtidorli tilshunos, qobiliyatli geograf, taniqli tarjimon, yirik fikh olimi Zahiriddin Muhammad Boburning beqiyos g‘azallari, betakror ruboiylari, ensiklopedik maqomga ega “Boburnoma”, fikhshunoslikda nufuzli mavqega ega “Mubayyin”, g‘azaliyot nazariyasiga oid “Aruz” asarlari, Xoja Ahrorning “Risolai volidiya” asari tarjimasi va boshqa qator noyob bitiklari nainki o‘zbek mumtoz adabiyoti, akademik fani, balki jahon badiiyatining yuksak namunalari sifatida tan olinmoqda.

O‘zbekistonning davlat mustaqilligi buyuk Bobur merosini o‘rganish uchun darvozalarni yanada keng ochdi. Xususan, Andijonda fidoyi inson, zabardast olim, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabov rahbarligida ta’sis etilgan va to‘laqonli faoliyat olib borayotgan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi bu keng qamrovli harakatning chinakam karvonboshisiga aylandi. Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya o‘tgan davr ichida jahonning yigirmadan ortiq mamlakatlariga safarlar uyushtirib, shoh va shoir hayoti, ijodi, adabiy merosi bilan bog‘liq mislsiz ishlarni uddaladi. Safarlar chog‘ida nafaqat Bobur Mirzo, balki ona zaminimizning faxru iftixoriga aylangan buyuk zotlarning ilmiy, adabiy merosi izlandi, so‘nggi manzillari ziyorat qilindi, imkoni borlari ta’mirlandi.

Ilmiy ekspeditsiya o‘z safarlaridan yuzlab noyob qo‘lyozmalar, nodir kitoblar, betakror osori atiqalar bilan qaytib kelmoqda. Xalqaro fond Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylarga oid keng ko‘lamli noshirlik ishlarini bajarmoqda. Akademik A.A’zam bosh muharrirligida 2014 yili “Bobur ensiklopediyasi” chop etilib, 2018 yili uning to‘ldirilgan nashri qayta bosildi. RF akademiyasi akademigi A.Dibo va atoqli olim Sh.Rustamxo‘jaev sa’y-harakatlari bilan “Bobur va boburiylar” bibliografiyasi nashrdan chiqdi. Fond rahbariyati Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, “Mubayyin”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, “Bobur abadiyati” jamoa to‘plami, o‘z adiblarimiz va xorijlik mualliflarning o‘ttizdan ortiq yangi asarlari, romanlari, monografiyalarining chop etilishiga homiylik qildi. “Bobur va dunyo” jurnali ta’sis etildi. Elektron nashrlarda ham Bobur va boburiylar haqida o‘nlab asarlar, yuzlab maqolalar berilmoqda.

Ellikqal’ada ta’sis etilgan “Bobur bilimdonlari” tanlovi ham yorqin samaralar berdi. Jumladan, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchilari orasida Bobur g‘azallari va ruboiylarini to‘liq biladiganlari ko‘paymoqda. Joriy yil bahorida mazkur hududda “Zahiriddin Muhammad Bobur merosida ilm-ma’rifatlar g‘oyalari” mavzuida ilmiy anjuman o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yangidan saylangan parlamentimizning yaqinda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida Bobur merosining hayotimiz barcha jabhalaridagi ahamiyati haqida bejiz to‘xtalgani yo‘q. Chunki uning adabiy-ilmiy merosini chuqur o‘rganishiga bugun ehtiyoj nihoyatda katta. Bu xayrli ishlar, ezgu maqsadlar ijobati esa, tabiiyki, kelajak avlodlarimizning ma’naviy kamolotiga xizmat qiladi. 

Yangiboy QO‘ChQOROV,
Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi
Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limi rahbari.

2 881
O‘zA