Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.08.2017 15:49 Chop etish versiyasi

Yuksalish pillapoyalari yoxud porloq kelajak sari qo‘yilayotgan qadamlar

Avji saraton, jamiki borliq tandirning hovuridek jaziramaga cho‘mgan palla edi. Qaysidir maqolaga sarlavha topa olmasdanmi yoki boshqa bir jumlaga sayqal bera olmaymi, ishqilib, o‘zim bilan o‘zim xunibiyron bo‘lib, xonaga sig‘may o‘tiruvdim. Shunda eshik taqillab, ko‘rinishidan qishloqning dalli-g‘ulli odamlarini eslatadigan, oq-sariq yigit kirib keldi. Dastlabki uchrashuvimizda o‘zi haqida ilk taassurot qoldirdi menda. Ya’ni, bo‘sag‘ani hatlab o‘tgani hamon:

– Assalomu alaykum, aka! – dedi hecham tortinmay. Va ildam qadamlar bilan kelib, ko‘rishish uchun qo‘l uzatdi. Tabiiyki, men ham qo‘l berdim. U shu darajada kirishimli ekanki, bir pasda o‘zini tanishtirib, gap orasida hazil aralashtirib, boyagi xunibiyronligimni tarqatdi.  Yaqinda institutni bitirib, ish axtarib yurgan ekan. Suhbat orasida tahririyatimizda bo‘sh joy borligini, maqolalar yozib, qatnashib turishini maslahat berdim. Shu bilan u tahririyatimizga tez-tez keladigan, qisqa-qisqa bo‘lsada, turli mavzudagi materiallari gazetamizda chop etiladigan bo‘ldi.

Xullas, ikki-uch oy ichida jamoadagilar bilan chiqishib, barcha bilan kelishib ketdi. Kuni kelib, muxbirlikka ishga olindi.
     
Ammo, o‘z ustida ishlamasligi, muttasil o‘qimasligi ko‘nglimni xijil qilardi. Joyi kelganda, shu haqda gap ochsam: “Yoshmanku, o‘qiyman-da hali!” derdi. Oradan ikki-uch yil o‘tib, sohaning u-bu texnik, amaliy jihatlarini tushunib olgach, kutilmaganda ishdan ketdi. Sababini so‘rasam, oylik maoshining kamligini, kattagina moyana beradigan yangi ish topganini aytdi.

Shu bilan uch-to‘rt oy ko‘rinmay qoldi. Bu orada hamkasblarimiz uning yangi xususiy gazeta ochganligi, obunasi kattaligi, topish-tutishi yaxshilanib qolganligi haqida turli xil gaplar aytdi. Nima bo‘lganda ham omadini bersin, deb qo‘yaverdim. Lekin uning bilim va salohiyati, davr va jamiyat haqidagi tushunchalari haqida o‘ylab, o‘yimga yeta olmasdim.

Sababi, gazeta – millat yuzi. Unda xalqning, jamiyatning ko‘ngil kechinmalari, dardu tashvishlari aks etishi kerak. Birov uning sahifasidan o‘zini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topsa, birov mutaxassislarning ko‘rsatma va maslahatlarini o‘qishi lozim.
 
Ochig‘ini aytay, boyagi to‘pori yigit xususiy nashr ochib, ikki-uch yilda ommalashtirib, daromadini bundoqroq tadbirkornikidan baland qilib oldi. Uning abjirligi, so‘zamolligi, yo‘q joydan pul topa olish qobiliyatiga qoyil qola boshladik. Hash-pash deguncha, gazetasi (oldi-qochdi mavzularni gurras-gurras chop etib) bu borada peshqadam sanalgan haftaliklarni ortda qoldirdi.
Lekin uning bilimsizligi, davr ruhini, o‘quvchilar nima kutayotganini tushunmasligi gazetasi sahifalarida shundoq aks etib turardi.... 

Keyinchalik u gazeta tadbirkorligiga ham ko‘nikmay, pulni ko‘paytirishning boshqa yo‘llariga o‘tdi. Gazetasi nomidan san’at saroylarida turli konsertlar uyushtiradigan, shu orqali mo‘may pul topadigan bo‘ldi. Ana shu pallalarda ikkimiz tasodifan uchrashib qoldik.

– Haliyam o‘sha eski gazetadamisiz!? – dedi naridan-beri so‘rashgach. – Menga o‘xshab xususiy gazeta oching, akalarni o‘rtaga qo‘yib, yillik obunasini shakllantirib oling, ana – pul!

Omad bilan omadsizlik qo‘sha keladi deganiday, kutilmaganda  u sindi.

Qonun oldida javob berdi. Gazetasi yopilib ketdi.

Har dardning davosi – kitob

Qishning zamharrir kunlaridan birida televizor ko‘rib turib, Prezidentimizning "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishini eshitib, ertasi kuni hujjat bilan batafsil tanishib chiqdim. Va boyagi “do‘stim” haqida, nainki u, uning timsolida ko‘p ming sonli kitob o‘qimaydigan yoshlarimiz haqida o‘ylay boshladim. Farmoyishda “Yilning eng yaxshi kitobi”, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi bolalar kitobi” va shunga o‘xshash qator nominatsiyalar bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi, kitobxonlik va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha maqsadli reja-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
 
Taassuf, deyman ichimda, bechora «do‘stim»ning oilasida kitobga yaqinlik bo‘lganida, yoshligidan kitob varaqlab o‘sganida, manglayiga bunday taqdir yozilmasmidi!? Kitobning sehrli olami shaytonning vasvasasi – nafs o‘pqonidan saqlab qolarmidi!

Aslini olganda, kitobxon avlod, ziyoli kishilar kim va nima uchun kerak?

Bir qarashda savolning javobi juda oddiy va jo‘n tuyuladi. Ya’ni, ziyoli odamlarni xush ko‘radigan, ularga hurmati baland kishi uchun kerak deganiday. Bu – farmoyishning yuza qismidagi gaplar. Uning tub mohiyatida: “Kelajakni birga quramiz! Ertangi kunning istiqbolini faqatgina o‘qimishli yoshlargina belgilaydi!”, degan teran falsafa yotibdi. Ayni paytda kitobxonlikni targ‘ibot etishimiz, kitob o‘qishni reklama qilishimiz, alalxusus, yoshlarni kitobga qaytarishimiz shart degan ma’no mujassam. Mazkur hujjatning asl mohiyati xususida mulohaza yuritayotib, quyidagi sharq hikoyati esimga tushdi.

Qadimda boy bir savdogarning uchta xizmatkori bo‘lgan ekan. Boy uch mulozimiga uch xil moyana berarkan: birisiga ko‘p, yana biriga o‘rtacha va uchinchisiga juda kam. Shunda do‘stlaridan biri:

– Nega mulozimlaringga uch xil oylik berib bir-biridan ajratasan! Bariga bir xil maosh tayinlab, o‘rtalaridagi ginaning oldini olsang bo‘lmaydimi! – debdi.

Shunda boy ularning qobiliyatiga o‘zing guvoh bo‘l deb mulozimlarini chaqirib:

– Karvonsaroyimizga yangi karvon kelibdi. Borib bilinglar-chi, qanday mollar olib kelibdi? – deb jo‘natib yuboribdi va do‘stidan kutib turishini so‘rabdi.
  
Ko‘p vaqt o‘tmay xizmatkorlardan biri qaytibdi va Chindan tijoratchilar kelganligini aytibdi. Saldan keyin yana biri kelib, savodargar Chindan kelganligini, faqatgina ipak matosi borligini ma’lum qilibdi. Boyning jo‘rasi hech nimaga tushunmabdi va uchinchi mulozimning qaytishini kuta boshlabdi. Ancha vaqt o‘tib uchinchi xizmatkor kelibdi va shunday debdi:

– Kelgan savdogarlar chinliklar ekan, shahrimizda o‘n kun turarkan. Yetmish tuya ipak matosi bor ekan. Ipakning har bir o‘ramini bitta otga almashtirarkan. Agar ot topilmasa, ming dinordan sotarkan.

Ana shunda boyning do‘sti o‘rtog‘ining ish usuliga qoyil qolib, uchinchi mulozimni surishtiribdi. Bilishicha, u ko‘p kitob o‘qigan, savdo-sotiq va muomala sohasida shaharning peshqadam mudarrislaridan tahsil olgan yigit ekan.

Nazarimda, boyning no‘noq mulozimlari va mening «do‘stim» o‘rtasida qandaydir yaqinlik borday. Borday emas, aslan bir-birga o‘xshash taqdirlar. Bir xil toifadagi kimsalar bular! Ya’ni, kitob ko‘rmagan, o‘qimagan, o‘qishni xohlamaydigan kishilar. Yurtboshimizning kitobxonlikni targ‘ib qilish borasidagi ushbu farmoyishi negizida ana  toifaning safini qisqartirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakat yotibdi. Butun mamlakatimiz bo‘ylab ana shu toifani yo‘qotaylik, kelajak avlodni bilimli, saviyali, ziyoli qilib tarbiyalaylik degan undov bor bunda!

Yoshlar istiqboli yo‘lida

Ko‘pchilikka ma’lum, so‘nggi paytlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda turli idora va jamoatchilik vakillari bilan uchrashganida bot-bot yoshlar masalasini, ularning ertangi kuni bilan bog‘liq yumushlarni muhokama qilmoqda. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar bermoqda. Xususan, shu yilning 15-iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari hamda ilm-fan va madaniyat namoyandalari bilan uchrashganida qator muammolar va ularning yechimini muhokama qildi, bu boradagi o‘z takliflarini o‘rtaga tashladi.

Prezidentimizning terroristik va diniy-ekstremistik oqimlarga qo‘shilib qolayotgan yoshlar va ularning ertangi kuni to‘g‘risida “Yo‘ldan adashgan bolani darrov dushmanga chiqarmasdan, uni o‘zimizning farzandimiz, deb bilishimiz kerak. Unga butun qalbimiz, yuragimiz bilan achinayotganimizni shu bola bilsin. Zora, shunda ularning ham qalb ko‘zi ochilsa, to‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ysa...”, deya bong urishi bu boradagi muammolarga yechim topishda joylardagi imom-xatiblar, mahalla va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, hokimlar tashabbus bilan chiqishi, yoshlar bilan ishlashda har biri namuna ko‘rsatishlari lozimligini anglatadi.

Nazarimda, davlat rahbarining ana shunday nuqtai-nazardan turib ish olib borishini, boshqalarni ham shunga da’vat etishini chin insoniylik namunasi, soddaroq qilib aytganda, odamgarchilikning oliy ko‘rinishi, deb bildim. Xudo ko‘rsatmasin, og‘a-inimiz, do‘stimiz yoki yaqin qarindoshlarimizdan birining farzandi ana shunday oqimlarga adashib kirib qolsa, yoki ularning aldov to‘riga tushsa, qanday ahvolga tushishni o‘ylashning o‘zi naqadar og‘ir! Rosti, mahalla-ko‘y bundaylarni ola qarg‘aga chiqarib, turli xil mish-mishlar tarqatib, o‘sha oilaning ezilgan ko‘nglini yanada bag‘riqon qilishi ham bor gap. Prezidentimiz yuqori minbardan turib, mamlakatimizning kichik guzarlarida, dahalarida, mahallalarida sodir bo‘layotgan bir qarashda kichik tuyulgan, aslida katta muammoning yechimi xususida aniq taklifini o‘rtaga tashladi. Chindan ham, bundaylarga ana shunday nuqtai-nazardan turib muomala qilish, adashganligini yuziga solmasdan, to‘yu-ma’rakalarda turli xizmatlarga jalb etish, ularning yakkalangan qalbiga sal bo‘lsada, yupanch beradi. Odamlar men haqimda yomon fikrda emas ekan degan xayolga boradi. Natijada, o‘zini ushbu jamiyatning to‘laqonli a’zosi bilib, aldovning asl mohiyatini tushunib yetadi. Davlatimiz rahbari joylardagi mutasaddilarning bu jabhadagi faoliyatini muhokama qilar ekan, “Hokimlarning yoshlar bilan ishlash hamda jamoatchilik va diniy tashkilotlar, shuningdek, xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, avvalo, o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, turli soxta va’dalar, havoyi gaplar ortidan ergashgan fuqarolarimizning xonadonlariga kirib borishlari kerak. Ular bilan suhbat o‘tkazishlari, issiq-sovug‘i, tashvish va muammolaridan xabardor bo‘lishlari lozim. Ularning kundalik rejasida har kuni qaysi diniy oqim a’zosi bilan uchrashish, diniy-axloqiy jihatdan muammosi bo‘lgan xonadonning masalasini hal etish bo‘yicha aniq vazifalar aks etishi shart”, deb ko‘rsatma berdi. Prezidentimizning xalq bilan ishlashdagi ushbu tashabbusini ko‘rib, beixtiyor sohibqiron Amir Temur bobomizning mana bu hikmatlari esimga tushdi: “Saltanat tepasiga chiqishimda, avvalo, yonimga nasl-nasabi tayin, dovyurak va sodiq yigitlarni atrofimga to‘pladim. Saltanat tizginini qo‘lga olgach, turli xil g‘animlarning aldoviga uchib, bizga qarshi bo‘lganlar agarki, chin ma’noda pushaymonlik chekib, huzurimga bosh urib kelsa kechirdim. Aytadilarki, kechirimli bo‘lish Ollohning eng yaxshi ko‘rgan fazilatlaridandir”.

Darvoqe, kechirish va kechirimli bo‘lish kishidan katta insoniy qalb, bemiqyos kuch talab qiladi. Davlat rahbarining bu borada shaxsiy namuna ko‘rsatishi, barchamizni shunga da’vat etishi, chin ma’noda xalqimizning ertangi yorug‘ kelajagidan nishonadir.
      
Og‘zaki gaplardan amaliy ishlarga

To‘g‘risini aytganda, yoshlar muammolari va ularning yechimiga kelganda barchamizning faoliyatimizda qandaydir depsinish seziladi. Jurnalist, quruvchi, hisobchi, do‘xtir, qo‘yingki, qay bir sohani olmang, yoshlar bilan ishlashda indviduallik yetishmaydi, nazarimda. Barchamiz yoshlar ishini yoshlarga doir soha vakillari qiladigan ish yoki shularning vazifasi deb o‘rganib qolgan ekanmiz. Yohud yoshlar muammolari bilan sobiq “Kamolot”, muallimlar, yo bo‘lmasa, mahalla tizimi shug‘ulanishi kerak degan aqida ongimizga singib ketgan ekan. Davlatimiz rahbarining 5-iyul kuni yoshlar bilan uchrashuvini kuzatib, ana shunday mulohazalar o‘tdi xayolimdan. Tan olish kerak, bir necha yillardan beri yoshlar muammolari yig‘ilib qolgan, yechimini kutayotgan masalalarni o‘ylab ham ko‘rmay, xo‘jako‘rsinga uyushtirilayotgan tadbirlarga, hammasi yaxshi ketayapti degan taomilga o‘rganib qolgan ekanmiz. Bu holatga baho berar ekan, Prezidentimiz yoshlar bilan bo‘lgan gurungida: “Uyushmagan, ya’ni, ishlamaydigan, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, salbiy ta’sirlarga beriluvchi yoshlar soni ortib bormoqda. Yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolish holatlari ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda. 2016-yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar o‘rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak. Albatta, bu borada hamma aybni faqat “Kamolot”ga yuklab qo‘yish adolatdan emas. Bu masalada mahalliy hokimliklar, ichki ishlar bo‘limlari, prokuratura, sud, mahalla idoralarining ham aybi bor”, deb taassuf bilan ta’kidladi. Prezidentimizning ushbu mulohazalariga qo‘shimcha qilib, bu borada nafaqat prokuratura, sud yoki mahalla tizimining aybi bor, bunda barchamizning loqaydligimiz, beparvoligimiz, bee’tiborligimiz eng katta xatomiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, ertalab maktab yoki kollejga otlanayotgan farzandimiz o‘qish dargohining ostonasiga vaqtida yetib borayotganligini, tan olish kerak ko‘p-da kuzatmaymiz. Har kuni yo‘lkira va tushlikka pul beramizu, darsga kechikmay yetib olayotganligini kunda so‘rab qo‘ymaymiz. Hatto, ba’zi birlarimiz bolalarimizning maktab yoki kollejda rahbari kim ekanligi bilan qiziqib ko‘rmaymiz. Bolam kimning qo‘lida tahsil olmoqda, qanday mutaxassislar saboq bermoqda deb kunda bo‘lmasa ham, oyda bir-ikki marta o‘quv muassasiga kelmaymiz. Kuni kelib, qandaydir fojia yuz bersa, maktab yoki kollejdan aybdor qidiramiz. Prezidentimiz ta’kidlagan muammolarning ildizi, aslida xonadonimizda, o‘zimizda!

Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvi, “Kamolot” ni isloh qilib, o‘rnida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etishi, uning zimmasiga qator vazifalarni qo‘yishi, imtiyozlar berishi, yoshlar ishiga barchani birdek jalb qilishida orzumand o‘g‘il-qizlarni to‘g‘ri yo‘lga solish ishlarini takomillashtirishdek ulug‘vor maqsad yotibdi.

Anvar Suyun, O‘zA
1 042






Все о погоде - Pogoda.uz