Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 17:09 Chop etish versiyasi

Yuksak taraqqiyot – obodlik va farovonlik mezoni

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizni iqtisodiy taraqqiy ettirish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Surxondaryo viloyatida ham mazkur dasturni bajarish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, uning mazmun-mohiyati va hududni rivojlantirishdagi ahamiyati atroflicha tahlil qilinmoqda. Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning Vatanimiz taraqqiyotidagi muhim ahamiyati nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan ham katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Ushbu hujjat mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, xalqaro hamjamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, xususiy sektorga erkinlik berish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgandir. Bunday ulug‘vor ishlar bir paytlar chekka va qoloq, deb qaralgan Surxondaryo viloyatini sanoati rivojlangan, zamonaviy infratuzilmaga ega hududga aylantirish, shahar va qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, odamlarning hayot sifati va darajasini yuksaltirish imkonini beradi.

Mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning bir qator zamonaviy shakllarini joriy etishga xizmat qilmoqda. Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirib, «Elektron hukumat» tizimini yanada takomillashtiradi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va samaradorligini oshirib, ushbu zamonaviy xizmatdan aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.

Mazkur hujjatning fuqarolik jamiyati institutlari uchun g‘oyat muhim jihatlaridan biri jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirishning galdagi ustuvor vazifalari o‘z ifodasini topganidir. Bu xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlarini joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantiradi, ijtimoiy sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini yuksaltiradi. Ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, mahalla institutining jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini oshiradi. Ommaviy axborot vositalarining roli ortib, jurnalistlarning kasb faoliyatini himoya qilish mustahkamlanadi.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida 611 nodavlat notijorat tashkiloti mavjud. Ularning 175 tasi tadbirkorlik va fermerlik, 72 tasi sport, 84 tasi yoshlar va ayollar, 37 tasi huquqiy va demokratik institutlarni mustahkamlash, 9 tasi sog‘liqni saqlash, 30 tasi madaniy-tarixiy va ma’rifiy sohalarda faoliyat yuritib, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning huquqiy, tibbiy va ekologik madaniyatini yuksaltirish va boshqa yo‘nalishlarda davlat boshqaruvi organlariga yaqindan ko‘maklashmoqda. Fuqarolik institutlari va davlat organlari o‘rtasida ijtimoiy hamkorlik aloqalarining mustahkamlanayotgani mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizni kelgusi yillarda ham har tomonlama taraqqiy ettirishni ta’minlashga yo‘naltirilgan ushbu hujjatda makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan uning raqobatbardoshligini oshirish mo‘ljallanmoqda. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish kabi ulug‘vor vazifalar belgilab olingan. Bularning barchasi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, jamiyatimizda qaror topgan hamjihatlik muhiti, xalqimiz hayot darajasini yanada yuksaltirish, yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalashdek ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Rustam Norliyev,
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring
qilish mustaqil instituti Surxondaryo
viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.

O‘zA
527






Все о погоде - Pogoda.uz