O‘zA O`zbek

30.08.2018 17:52 Chop etish versiyasi

Yuksak islohotlar roʻyobiga barchamiz shohid

Yuksak islohotlar roʻyobiga barchamiz shohid Mustaqillik – xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami. Uni xalqimiz, har bir fuqaro va soha xodimi yaxshi niyatlar bilan kutib oladi. Oʻtgan 27 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar shu qutlugʻ sana bilan bogʻliq. Birgina milliy armiyamizning tashkil etilishi va uni takomillashtirishdagi islohotlar roʻyobiga bugun barchamiz shohidmiz.

Mamlakatimiz xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash hamda shu tizimda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolariga eʼtiborning kuchaytirilishi ham istiqlol bergan imkoniyatlardandir.

Shu maʼnoda aytish kerakki, Harakatlar strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini oshirish hamda Qurolli Kuchlarimizni yanada mustahkamlash muhim ustuvor yoʻnalishlardan biri ekani belgilab berilgan.

Vatan himoyachilarining ijtimoiy-huquqiy muhofazasi, ularning oila aʼzolari sogʻligʻi haqida gʻamxoʻrlik koʻrsatish hukumatimizning doimiy eʼtiborida. Yangi uy-joylar bilan taʼminlanishi, ularga uy-joy, avtomobillar sotib olish uchun kredit berilishi, harbiylarning farzandlari oliy oʻquv yurtida taʼlim olishi uchun kvotalar ajratilishi shular jumlasidandir.

Harbiylar va ular oila aʼzolarining salomatligi muhofazasi ham bundan mustasno emas. Harbiy gospital, poliklinika va sanatoriyalarda yaratilayotgan shart-sharoitlardan tashqari, har yili Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali shifokorlari tomonidan uzoq garnizonlarda joylashgan harbiy qismlarda xizmat qiluvchi ofitser va serjantlar oila aʼzolarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishi boʻyicha muayyan tizim shakllantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning 28 iyul kuni Markaziy harbiy klinik gospitalimizga tashrifi biz uchun gʻurur-iftixor boʻlishi bilan birga, har bir ishimizni sidqidildan ado etishda yanada katta masʼuliyat yukladi.

Toshkent harbiy gospitali 1869 yilda tashkil topgan boʻlib, u 149 yillik tarixga ega. Hozirgi kunda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali maqomiga ega boʻlgan ushbu tibbiy muassasa harbiylar va ularning oila aʼzolari, isteʼfodagi harbiylar uchun asosiy shifo maskani hisoblanadi. Bu yerda bir yilda oʻn ming nafarga yaqin bemor davolanadi va uch mingga yaqin jarrohlik amaliyoti amalga oshiriladi. Harbiy xizmatchilarimizni davolash uchun yuzga yaqin shifokor va 350 dan ziyod hamshira jalb qilingan.

Gospitalimiz chindan ham oʻzining tarixiga ega. Bu yerda qanchadan-qancha tajribali shifokorlar harbiylar salomatligini tiklash yoʻlida xizmat qilgan. Uchrashuv chogʻida davlatimiz rahbari uchun ham bu manzil muqaddas ekanini bildik va bu bizni yanada hayajonlantirdi.

Uchrashuv chogʻida Prezidentimiz yangi gospital bunyod etish masalasiga alohida ahamiyat qaratib, bu jarayonda qoʻyiladigan talablar, unda ish olib borish qay tarzda amalga oshirilishi haqida Mudofaa va Sogʻliqni saqlash vazirliklari rahbar xodimlariga koʻrsatmalar berdi.

Prezident harbiylarimiz jahon standartlariga mos shifoxonada davolanishi, gospital boshqaruviga yangi mexanizm – davlat-xususiy tadbirkorligi shaklini kiritish lozimligi, zamonaviy, eng yangi asbob-anjomlar bilan jihozlangan, dunyoning yetakchi klinikalariga mos ravishda ishlay oladigan shifoxona barpo etishimiz zarurligi hamda bu shifoxonada harbiy vrachlar bilan bir qatorda xorijlik tajribali, yuqori malakali shifokorlar faoliyat koʻrsatishi maqsadga muvofiqligini alohida taʼkidladi.

Yangi gospital barpo etilishiga qoʻyilgan ezgu qadam harbiylar va ularning oila aʼzolariga boʻlgan yuksak gʻamxoʻrlik ifodasidir. Shu bilan birga, Markaziy harbiy klinik gospitali shifokorlari, ishchi-xizmatchilari harbiy muassasa faoliyatini tubdan yangilash yoʻlida amalga oshirayotgan xayrli ishlari uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz. Bunday eʼtibor biz, harbiy shifokorlarga koʻtarinki kayfiyat va shijoat bagʻishlaydi. Oʻz oʻrnida biz ham tez kunlarda bunyod etiladigan yangi gospital Oʻzbekistondagi har jihatdan nufuzli shifoxonalardan biriga aylanishi uchun bor kuch va gʻayratimizni ayamaymiz.

Ulugʻbek Rasulov,
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa
vazirligi bosh jarrohi.

OʻzA
1 445