Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.08.2017 16:14 Chop etish versiyasi

Yuksak e’tibordan munavvar dillar

Yuksak e’tibordan munavvar dillar Surxondaryo viloyatida uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga O‘zbekiston Prezidentining sovg‘asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar tantanali ravishda topshirildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish, kam ta’minlangan oilalar va nogironlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi tashkil etilgani bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Joylardagi Xalq qabulxonalarida, sayyor qabullarda fuqarolarning murojaatlari tinglanib, aholini qiynayotgan muammolarga yechim topilayotgani odamlarda hayotdan rozilik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.

Fuqarolarning murojaatlari va Xalq qabulxonalari tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar tahlili ayollar, mehnatga layoqati cheklangan insonlar uchun ijtimoiy yordamni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Shunga muvofiq, Prezidentimiz tashabbusi bilan uy-joyga ehtiyojmand fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatda uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan 32 fuqaroga imtiyozli kredit asosida uy-joyli bo‘lish uchun boshlang‘ich badal to‘lovi Prezidentimiz nomidan berilgani ularga qulay turmush sharoiti yaratish, hayotdan rozi bo‘lib yashashi yuzasidan ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.

Olmaxon Abdulaliyeva I guruh nogironi. Sherobod tumanidagi "Uzunsoy" mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Eski kasalxona binosining ikki xonasida 4 jon vaqtincha yashab kelgan. Bugun unga Prezidentimiz nomidan Taroqli massividagi 2 sotixdan iborat uch xonali uyning kaliti topshirildi.

– Barcha qulayliklarga ega bunday uyli bo‘lishni xayolimizga ham keltirmaganmiz, – deydi Olmaxon. – Nogiron bo‘lganim bois, o‘zim xohlagandek el-yurtga naf keltirolmayotganimdan xijolat bo‘lardim. Endi mana bunday uy. Xijolatim yanada ortdi. Farzandlarim shu muqaddas Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qiladigan munosib insonlar bo‘lib ulg‘ayadi. Mening armonlarimni yuzaga chiqaradi. O‘ksik ko‘nglimni tog‘dan ham yuksaklarga ko‘targan davlatimizdan minnatdorman.

Angor tumanidagi Yangi turmush mahallasida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan zamonaviy massivga bir yo‘la uch nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaro ko‘chib o‘tdi.

– Yoshim 36 da. Oila qurganimga 10-yil bo‘ldi. Uch farzandim bor, – deydi Navro‘z mahallasida yashovchi II guruh nogironi Yusuf Mamatov. – Bir uyda 20 jon yashab kelayotgan edik. Dunyoning ayrim mamlakatlarida uy-joysiz ko‘cha-ko‘yda umrini o‘tkazayotgan insonlar haqida televizorda ko‘rib, shunisiga ham shukr qilardik. Lekin, ko‘ngilning bir chetida biz ham zamonaviy, keng uylarda yasharmikanmiz, degan armon ham bo‘lardi. Yaratganga shukr, davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan bugun orzumizga erishib turibmiz. 2 sotixdan iborat 3 xonali uyda barcha qulayliklar yaratilgan. Ayolim va bolalarimning quvonchini ko‘rib, shunday yurtda yashayotganimdan qalbim faxrga to‘ldi. Menday nogironga ham faxr tuyg‘usini bergan davlatimizga, barcha yaxshi odamlarga rahmatlar aytaman.

12 (2).jpg

Uzun tumanidagi Erkinlik mahallasida yashovchi Mohira Ashuraliyeva II guruh nogironi. Turmush o‘rtog‘i va ikki farzandi bilan qaynotasiga tegishli uyning bir xonasida yashaydi. Uch oila umrguzaronlik qilayotgan uyda 12 jon istiqomat qiladi. Mamlakatimizda mehnatga layoqati cheklangan insonlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamdan bahramand bo‘lgan Mohira Ashuraliyeva Yangi kuch mahallasida yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan arzon uy-joylardan biriga ko‘chib o‘tdi.

– Bolalikdan nogironman, – deydi Mohira. – Yoshligimda to‘rt muchasi sog‘ insonni baxtli odam, deb o‘ylardim. Farzandli bo‘lganimdan so‘ng, yana bir haqiqatni anglab yetdim, ro‘zg‘orli inson nafaqat sog‘, balki kichkina bo‘lsa ham o‘z uyiga ega bo‘lsagina baxt tatir ekan. Ko‘p qavatli uyning bir xonasida siqilib yashash, ayniqsa, ayol uchun juda qiyin. Mana bugun farzandlarim bilan emin-erkin, o‘z uyimda yashash baxtiga muyassar bo‘lib turibman. Oilamizga boshlang‘ich badali Prezidentimiz nomidan to‘langan 2 sotixdan iborat uch xonali uy sovg‘a qilindi. Har bir xonada yangi mebel va ro‘zg‘or uchun zarur boshqa jihozlar bor. Shahardagidan qolishmaydigan sharoit yaratilgan. Bizning boshimizni silab, har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatimizdan minnatdormiz.

Zokir Tillayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi Yangiobod mahallasida istiqomat qiladi. II guruh nogironi. Otasi Rahmon Tillayevga tegishli ikki xonali kvartirada turmush o‘rtog‘i, ikki qizi, o‘g‘li, kelini va nevarasi bilan yashaydi. Bunday holdan ezilar, lekin dardi ichida edi. Mana endi davlatimiz e’tibori bilan yangi bunyod etilgan ikki qavatli zamonaviy uydan uch xonali o‘z uyiga ega bo‘ldi. Bu sovg‘adan, ayniqsa, 80 yoshni qarshi olgan otasi Rahmon ota juda xursand. 

– Shu kungacha o‘g‘limga yangi uy berilishiga ishonqiramay turgan edim, – deydi Rahmon bobo. – Ko‘zlarimga ishonmayapman. Kampir bilan ikki qavatli pastqam uyning ikki xonali kvartirasida uch o‘g‘il, uch qizni tarbiyalab, ulg‘aytirdik. Mehmon kelib qolgudek bo‘lsa, katalakdek uyning qayeriga o‘tkazishni bilmay, xijolat bo‘lardik. Kuch-quvvatim bor yillarda rahbarlardan uy qurish uchun yer so‘rayverib, rosa ovora bo‘lganman. Hech kim dardimga quloq solmagan. O‘shanda tomorqa yo uy so‘rashdan ko‘nglim bezib qolgan ekanmi, mustaqillik yillari ham dardimni hech kimga aytmadim. Hozir bir qizimiz Toshkentda yashaydi. Ikkinchi qizim bir etak bola bilan turmushidan ajrab kelgan. O‘g‘lim Zokirjon farzandlari, kelini va nevarasi, kenja o‘g‘limiz Akmal, jami 14 jon shu xonadonda yashayotgan edik. Uy yo‘qligidan Akmalni ham uylantirolmay turgandik. Bugun quvonchim ichimga sig‘mayapti, suyunganimdan tilim aylanmayapti. Uy-joyga muhtoj insonlarga, nogironlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizning umrlari uzoq bo‘lsin. Tinchligimizga ko‘z tegmasin. 

Qavm-qarindoshlar, yor-birodarlar, mahalladoshlar ham bu oilani yangi uy bilan qutlashga keldi. 

– Zokirboyga yangi uy berilayotganini eshitib, qulluq bo‘lsinga kelaverdik, – deydi "Yangiobod" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Hojimatov. – "Rais bobo, mening ham ko‘zlarim yaxshi ko‘rganida halol mehnat qilib, o‘zimga munosib uy sotib olardim", der edi doim. Bundan men ham ezilardim. Endi Zokirboyning sharoiti hech kimdan kam emas. Uyga qarang, gaz plitasi, oshxona mebeli, televizor, isitish moslamalari, bir oila to‘kis yashashi uchun nima kerak bo‘lsa, bari bor. Bu oilaning yangi uyni saranjom-sarishta saqlab, barchaga ibrat bo‘lishiga ishonaman.

Mamlakatimizning chekka hududlarida zamonaviy uylar qurilib, foydalanishga topshirilayotgani xalqimizga munosib bayram sovg‘asi bo‘lmoqda. Muhimi, pishiq, mustahkam qurilish materiallaridan barpo etilayotgan xonadonlar yashash uchun tayyor holda foydalanishga topshirilmoqda.

Jarqo‘rg‘on tumani Alisher Navoiy nomidagi mahallada yashovchi Gulbahor Allanazarova ham ikki qavatli uyning birinchi qavatidagi ikki xonali xonadon kalitini qabul qilib oldi. II guruh nogironi, uch yildan buyon ikki farzandi bilan akasining uyida yashab kelayotgan edi.

– Mamlakatimizda inson manfaati har narsadan ulug‘ ekaniga Gulbahorga ko‘rsatilgan e’tibor misolida yana bir karra ishonch hosil qildik, – deydi uning yon qo‘shnisi Qirmiz Egamberdiyeva. – Bu xonadonda uch oila yashaydi. Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, farzandlarini hech kimdan kam qilmay ulg‘aytirishga intilmoqda. Qo‘li gul tikuvchi. Lekin o‘ziga uy qurib olishga imkoniyati yetmay turgan edi. Davlatimiz, hukumatimiz e’tibor qaratmasa, bu kabi zamonaviy uy-joylar qayoqda edi, deysiz. Barchasi uchun rahmat.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Termiz shahridan uch, Termiz tumanidan to‘rt turar joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan oila 2 sotixdan iborat 2 va 3 xonali yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi uylarda hovli to‘ylarini o‘tkazdi. Termiz tumanidagi Yangi hayot mahallasida yashovchi I guruh nogironi Laziz Qahhorov oilasi ulardan biri.

– Ko‘p qavatli uydagi qaynonamning 3 xonali xonadonida 2 bola bilan yashab keldik, – deydi L.Qahhorovning turmush o‘rtog‘i Sabohat Mustanova. – Biz bilan birga yana uch oilaning o‘n a’zosi bir amallab kun o‘tkazardik. Jismoniy imkoniyati cheklangan odamning uy qurib olishi oson emas ekan. Shularni o‘ylab ezilardim. Davlatimiz tomonidan bizga 3 xonali uy berilishini eshitib, tillo topgan odamdek suyundim. Barchasi uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Hozir hayajonimni bosolmayapman. 

Viloyatning Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Sariosiyo, Oltinsoy, Denov, Boysun tumanlarida o‘tkazilgan uy topshirish marosimlarida ham xalqimizga xos saxovat, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi yuksak fazilatlar yanada keng namoyon bo‘ldi. Ularning uy to‘ylarida ishtirok etgan yoshu keksa qalbida yurtimizda yuz berayotgan yangilanish va o‘zgarishlarga daxldorlik hissi mustahkamlanib, barchani yangi marralar sari ruhlantirmoqda.

Tadbirlar doirasida bir guruh kam ta’minlangan oilalarga zamonaviy tikuv mashinalari, 300 dan ortiq fuqaroga nogironlik aravachasi bepul topshirildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
961






Все о погоде - Pogoda.uz