Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 13:36 Chop etish versiyasi

Yuksak e’tibordan minnatdormiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-fevraldagi “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori pensionerlar, talabalar va aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlami huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida 362 mingdan ziyod pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilar, So‘x, Yozyovon, Beshariq tumanlarida byudjet tashkilotlari xodimlari hamda qariyb 24 ming ijtimoiy to‘lovlar oladigan fuqaro istiqomat qiladi. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori bilan ular pensiya, ijtimoiy nafaqa va ish haqini hech qanday cheklovlarsiz naqd shaklda olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

So‘x tumanida istiqomat qilayotgan 75 mingdan ziyod aholi ish haqi, pensiya va nafaqalarning naqd pul shaklida berilishidan mamnun.

– Prezidentimiz qarorini tumanimiz aholisi katta xursandchilik bilan qarshi oldi, – deydi So‘x tumani hokimi Tavakkal Rahimov. – Ana shu amaliy ko‘mak orqali qanchadan-qancha oilalarga baraka kiradi, xonadonlar fayziga fayz qo‘shiladi, odamlarning ertangi kunga ishonchi yanada ortadi. Tumandagi 86 davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan muassasa, korxona va tashkilotda 3 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Ularning ham ish haqi endi naqd shaklda beriladi.

Bugun kim bilan suhbatlashmang, mazkur qaror xalqimiz ko‘nglidagi ish bo‘lgani haqida gapirmoqda.

– Naqd pul muammosi keyingi paytlarda pensionerlarimizni bir muncha qiynab kelayotgan edi, – deydi So‘x tumanida yashovchi Sherali ota Orziyev. – Ushbu qaror bilan Prezidentimiz biz, nuroniylarga bo‘lgan yuksak hurmat-e’tiborini yana bir bor amalda namoyon etdi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirilayotgan bunday ezgu amallar xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
532






Все о погоде - Pogoda.uz