Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 19:56 Chop etish versiyasi

Rabotak qishlog‘ida 42 zamonaviy uy qurilib, foydalanishga topshirildi

Rabotak qishlog‘ida 42 zamonaviy uy qurilib, foydalanishga topshirildi Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami arafasida Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi Rabotak qishlog‘ida yangilangan loyihalar asosida barpo etilgan zamonaviy uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Keyingi yillarda Rabotak qishlog‘i kengayib, tobora zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida bu yerda yana 42 zamonaviy uy qurilib, foydalanishga topshirildi. Hovli to‘yini nishonlaydiganlar orasida Prezident sovg‘asi sifatida uy kalitini olgan 6 nafar ehtiyojmand oila vakillari va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaro ham bor.

– Bugungi sana hayotimdagi unutilmas kun bo‘lib qoladi, – deydi Orzugul Habibova. – Uch xonali kichik hovlida 11 kishi yashardik. O‘g‘lim ham, kelinim ham nogiron. Mana, bugun o‘g‘limning qo‘liga uch xonali uyning kalitini tutqazishdi. Zamonamdan aylanay, uyning boshlang‘ich badali Prezidentimiz tomonidan to‘lab berildi. Kelinim Nargiza ham ishli bo‘lganidan juda xursand. Unga “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy tikuv mashinasi berilib, kasanachi sifatida ishga qabul qilindi.

Tuman markazida yashovchi Matluba To‘rayevaning ham quvonchi cheksiz.

– Hayot ekan, turmushim bo‘lmagach, ota-onamning uyida yashadim, – deydi Matluba. – So‘ng bir necha yil ijarama-ijara yurishga majbur bo‘ldim. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Qizim ulg‘aygani sari unga zarur sharoit yaratib berolmayotganimdan ezilardim. Xayriyat, u kunlar ortda qoldi. Boshlang‘ich badalini to‘laganimdan so‘ng menga ikki xonali kvartira berildi. Qarang, hamma jihozlar bor. Bunaqasini tushimda ham ko‘rmaganman. Bunday g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan behad minnatdorman.

Tadbirda yosh oilalarga Prezidentimiz sovg‘asi sifatida yotoqxona mebeli, oshxona jihozlari, muzlatgich, televizor, changyutgich, kir yuvish mashinasi topshirildi.

13 (1).jpg

Shu kuni Rabotakda ijtimoiy ko‘makka muhtoj 15 nafar fuqaroga joriy yilda foydalanishga topshiriladigan uylarga egalik qilish huquqini beruvchi order berildi.

Yangilangan namunaviy loyihalar asosida viloyat qishloqlarida joriy yil oxiriga qadar yana 200 uy qurilib, 20 tasi ehtiyojmand oilalarga ajratilishini ta’kidlash kerak. Tadbirda ushbu fuqarolarga Prezident sovg‘asi sifatida uyning boshlang‘ich badali to‘langani to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi.

“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan uy-joyga muhtoj nogiron va mehnatga layoqati cheklangan 35 fuqaroga tikuv mashinasi berilib, kasanachilik shartnomasi asosida ishga joylashtirildi.

Boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalarning 26 farzandining sunnat to‘yi ham o‘tkazib berildi. Bolajonlarga homiylar tomonidan sovg‘a-salomlar topshirildi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
2 536






Все о погоде - Pogoda.uz