O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Yozyovonliklar saylovda faol ishtirok etadi

Yozyovonliklar saylovda faol ishtirok etadi

Aholining bugungi kunda boʻlajak saylovlardan xabardorligi qanday? Milliy saylov qonunchiligimizdagi yangilik va oʻzgarishlarning muhim jihatlari nimalardan iborat?

Viloyat saylov komissiyasi tomonidan Yozyovon tumanida oʻtkazilgan tadbirda ana shunday masalalar va yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritildi.

Mamlakatimizda joriy yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlarga saylovlarga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida Oliy Majlis qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 17 ta, viloyat kengashiga saylov oʻtkazuvchi 60 ta hamda shahar va tumanlar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 567 ta okrug saylov komissiyalari tuzilgan boʻlib, saylovchilar jami 1 ming 50 ta saylov uchastkasida oʻz nomzodlari uchun ovoz beradilar.

Viloyatda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni samarali oʻtkazish, aholining saylov borasida huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida viloyat saylov komissiyasining qarori bilan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unda belgilangan vazifalarni samarali ijro etish maqsadida bir qancha davlat organlari va tashkilotlar, jumladan, tuman (shahar) hokimliklari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari, siyosiy partiyalar xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman, shahar kengashlari, taʼlim muassasalari, ommaviy axborot vositalari masʼul ijrochilar etib belgilandi.

Shahar va tumanlarda oylik doirasida “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar“, “Sening ovozing – sening kelajaging“ kabi uchrashuv va muloqotlar oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbir ham aholi va yoshlarning saylov borasida huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etildi.

– Yangi Saylov kodeksi koʻplab muhim jihatlari bilan farqlanadi, – deydi tuman adliya boʻlimi rahbari Zuhriddin Boʻtaboyev. – Agar avvallari qonunlarda faqat Markaziy saylov komissiyasiga nisbatan faoliyatining huquqiy asoslari, mustaqillik, ochiqlik prinsiplari, faoliyatiga aralashmaslik kabilar qayd etilgan boʻlsa, endilikda barcha saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirishi belgilab qoʻyildi. Avvallari saylov komissiyalari qaysi tashkilot binosida joylashgan boʻlsa, uning aʼzolari ham odatda deyarli toʻliq mana shu tashkilot aʼzolaridan iborat boʻlib qolar, koʻpincha uning rahbari komissiya raisi boʻlardi. Bu esa ularning xolisligi, obyektivligi, qarorlarni demokratik asosda, kollegial qabul qilishiga nisbatan savollarni keltirib chiqarar edi. Endilikda bunday amaliyotni bartaraf etish maqsadida uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, degan norma kiritildi.

1 874
M.SULAYMONOV, OʻzA