O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Yosuki ShAMOTA: O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifidan umidimiz katta

Yosuki ShAMOTA: O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifidan umidimiz katta

Yosuki ShAMOTA, “Nagoya – O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi direktori:

– Men 2009– 2011 yillarda O‘zbekistonda ishlaganman. Dastlab Nagoya universiteti professori sifatida Toshkent davlat yuridik universitetida dars berdim, so‘ng Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining JICA loyihasida ekspert bo‘lib faoliyat yuritdim. Shu uch yil davomida yurtingizga mehrim tushgan. Bag‘rikeng va mehmondo‘st o‘zbek xalqining samimiyligi, eng muhimi, yoshlaringizning salohiyati meni hamisha o‘ziga tortgan. Shu bois Yaponiyaga qaytganimdan keyin ham O‘zbekiston rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni niyat qildim. Bir necha yillik harakatlarimizdan so‘ng 2017 yilda “Nagoya – O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasini tuzishga erishdik.

Bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekistondan kelgan va bitirib ketgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, Yaponiyaning Aiti prefekturasi bilan O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik rivojiga hissa qo‘shish. Bugungi kunga kelib uyushmamiz ko‘magida do‘stlik aloqalari taraqqiy etayotganidan xursandmiz. Buni Aiti prefekturasi, Nagoya shahar meriyasi bizni qo‘llab-quvvatlayotgani, ikki marta delegatsiyamiz O‘zbekistonga borgani, so‘nggi marta borganda delegatsiyamizni Prezident Shavkat Mirziyoev qabul qilganidan ham ko‘rish mumkin. Aytmoqchimanki, har ikki tomonda assotsiatsiyamiz faoliyatiga qiziqish kuchli.

O‘zbekiston rahbarining Yaponiyaga tashrifidan umidimiz katta. Chunki Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatingizda ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbekistonni taraqqiy ettirish bo‘yicha besh yilga mo‘ljallagan Harakatlar strategiyasi asosida davlat boshqaruvidan tortib iqtisodiyotni rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik kabi yo‘nalishlarda izchil islohotlar amalga oshirilayotganini Yaponiya ham kuzatib bormoqda.

Prezidentingizning tashrifi bizning assotsiatsiyamizga ham mas’uliyat yuklaydi. Chunki tashrif davomida nafaqat parlament va hukumat darajasida, balki prefekturamizda ham qator muzokaralar o‘tkazilib bitimlar imzolanadi. Bu do‘stlik assotsiatsiyamiz uchun katta imkoniyat. O‘ylaymanki, tashrif natijasida erishiladigan kelishuvlar Nagoyaning O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yangi bosqichga ko‘taradi.

1 802
Matnazar ELMURODOV yozib oldi, A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA