O‘zA O`zbek

13.08.2018 20:03 Chop etish versiyasi

Yoshlarning muammolari hal etilmoqda

Qashqadaryo viloyatida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi doirasidakeng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Mazkur dastur ijrosi doirasida viloyatda shakllantirilgan 738 ishchi guruh xonadonma-xonadon yurib, yoshlar bilan suhbatlashdi, muammolarini o‘rgandi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Sobir Musulmonov. – Jumladan, yoshlarning 118 mingdan ziyodi ishsizligi, 5 ming 240 nafari mehnatga layoqatsizligi, 62 ming 817 nafari norasmiy ishlayotgani, 786 nafari ro‘yxatsiz yashab kelayotgani, 28 ming 898 nafari uy-joyga muhtojligi, 4 ming 476 nafarining oila qurish istagi boru moddiy tomondan qiynalayotgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari tomonidan uyma-uy yurish mobaynida 5 ming 23 xonadon o‘z tomorqasidan unumli foydalanmayotgani, 12 ming 445 xonadonda ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emasligi, 218 ta qarovsiz va 151 ta foydalanilmayotgan noturar joy binolar borligi va ularning 117 tasini ijara asosida taqdim etish imkoniyati mavjudligi aniqlangan.

Ishchi guruhlar tomonidan yoshlarni qiynab kelayotgan ayrim muammo va kamchiliklar o‘z joyida bartaraf etilgan. Xususan, fuqarolik masalalari yuzasidan 556 nafar yoshning biometrik pasport olishiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Yuzlab yoshlar yosh tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. 51 nafar yoshga nogironlik aravachasi, protez-ortopediya buyumlari va tibbiy asbob-uskunalar topshirildi. 29 nafar yoshga takroriy ekin ekish uchun 26,2 gektar yer maydoni ajratildi. 928 xonadonning tomorqadan samarali foydalanishi ta’minlandi.

Viloyatning 15 ta shahar-tumanida bittadan mehnat guzari, Qarshi shahri va Mirishkor tumanlarida bittadan “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlariqurilmoqda.

Ichki ishlar bo‘limlarida profilaktik hisobda turgan 3 ming 152 nafar yoshning 214 nafari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi kafilligi asosida ro‘yxatdan chiqarilgan. Turli jinoyatlar sodir etgan 30 dan ortiq yoshlarning harakati sayyor sud orqali mahallalarda muhokama qilingani jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qildi.

Bugunga qadar aniqlangan muammolardan 9 ming 741 tasi joyida hal etilgan. O‘rganishlar to‘liq yakuniga yetgach, Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha hududiy kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorligini rivojlantirish, fermerlikni qo‘llab-quvvatlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish belgilangan.

Bu sa’y-harakatlar yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi, albatta.

O‘lmas Barotov, O‘zA
2 084