Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 14:37 Chop etish versiyasi

Yoshlarni “Temurbeklar maktabi”ga qabul qilish shartlari qanday?

Yoshlarni “Temurbeklar maktabi”ga qabul qilish shartlari qanday?
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi o‘tgan yili mamlakatimiz hayotidagi muhim voqealardan bo‘ldi. Farmon bandlaridan birida “Buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berilsin”, deb belgilangan.

Vatan himoyachilari kuni arafasida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Toshkentdagi “Temurbeklar maktabi” direktori o‘rinbosari, podpolkovnik Qambarali Azizov bilan o‘quv maskaniga yangi nom berilganidan so‘ng amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar to‘g‘risida suhbatlashdi.

– Yodingizda bo‘lsa, Toshkentdagi “Temurbeklar maktabi”ga yangi nom berilishi munosabati bilan o‘tgan yili sentyabr oyida o‘tkazilgan taqdimotda O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minovning Sohibqiron Amir Temur obrazida o‘qigan monologi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan edi...

– Haqiqatdan ham, taniqli san’atkorning chiqishi mazkur tantanali marosimning unutilmas voqealaridan biri bo‘lgan. Chunki Amir Temur ushbu monologi orqali ko‘z o‘ngimizda Vatanini yuksak qadrlaydigan, o‘z xalqiga g‘amxo‘r, uning himoyasiga hamisha tayyor, jasur va adolatparvar shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Yoshlarda ana shunday yuksak fazilatlarni tarbiyalash jamoamizning muhim vazifasidir. 



– Mamlakatimizdagi harbiy akademik litseylarni isloh qilish bosqichlari haqida batafsil so‘zlab bersangiz.

– Birinchi Prezidentimizning 2007-yil 22-maydagi “Harbiy akademik litseylar faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkentda harbiy-telekommunikatsiya, Samarqandda harbiy-qurilish, Farg‘onada harbiy-texnik, Urganchda harbiy-yuridik sohalarga ixtisoslashgan akademik litseylar tashkil etildi.

Ushbu hujjatga muvofiq, litseylar yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga biriktirildi. Bular: poytaxtimizda – Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Samarqandda – Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Farg‘onada – Farg‘ona politexnika instituti, Urganchda – Urganch davlat universiteti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-iyuldagi farmoniga muvofiq, barcha akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi va ular O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga topshirildi.

Davlatimiz rahbarining ushbu farmoni tarixiy voqea bo‘ldi, deb hech mubolag‘asiz ayta olaman, negaki unda yoshlarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rnini oshirishga xizmat qiladigan ko‘p vazifalar belgilangan. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

– O‘quv maskaniga yangi nom berilganidan so‘ng ta’lim jarayonida qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

– Tabiiyki, buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temurning harbiy-ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar hajmi oshirilishi munosabati bilan o‘quv rejasi va dasturlariga jiddiy o‘zgartishlar kiritildi. Har yili an’anaviy tarzda “Amir Temur avlodlarimiz” nomli sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. 



Ta’lim dargohimizning o‘quv-moddiy bazasini yangi plakatlar, ko‘rgazmali vositalar, turli adabiyotlar bilan boyitishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining hissasi katta bo‘ldi.

– Yoshlarni Milliy gvardiyaning Toshkentdagi “Temurbeklar maktabi”ga qabul qilish shartlari qanday?

– Barcha ana shunday o‘quv maskanlarida, ular qayerda joylashganidan qat’iy nazar, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona yoki Urganchda bo‘ladimi, qabul qilish shartlari bir xil. Maktabimizga umumta’lim maktabining 9-sinfini tugatgan, uch saralash bosqichidan o‘tgan yoshlar qabul qilinadi. Birinchi – dastlabki bosqich yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqich – viloyatlar mudofaa ishlari boshqarmalarining harbiy professional saralash bosqichi va uchinchisi – davlat test sinovlaridir. Test sinovlari “Temurbeklar maktabi”da bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki, nomzodlar harbiy xizmat uchun sog‘lom bo‘lishi lozim.

Davlat imtihon komissiyasining qaroriga muvofiq, xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar, huquqni himoya qilish organlari xodimlarining farzandlari – tegishli idora yoki vazirlikning yozma iltimosnomasiga ko‘ra sinovning birinchi bosqichidan o‘tgan yoshlar test sinovlaridan ozod etilishi mumkin. 



Shuningdek, xalqaro va fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat vazirliklari, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan turli musobaqalar g‘oliblari ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi guvohnomasiga ega bo‘lgan holda, test sinovlaridan ozod etiladi.

– “Temurbeklar maktabi” o‘quv maskani mavqeining oshishi munosabati bilan uning o‘qituvchilar tarkibiga nomzodlarni qabul qilish talablari qay darajada o‘zgardi?

– Albatta, bu borada ham talablar oshdi. Chunki yoshlarda Vatanga sadoqat, mardlik, fidoyilik va odillik kabi yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalashda ustozning o‘zi barchaga o‘rnak bo‘lishi lozim. U kamida o‘n yillik pedagogik faoliyatga ega, ijodiy izlanuvchan, yuksak ma’naviyatli inson bo‘lishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi va maqolalari bilan ommaviy axborot vositalarida ishtirok etib borishi lozim.

“Temurbeklar maktabi” bo‘lim qo‘mondonlari lavozimiga kadrlar shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar tomonidan “Eng yaxshi kasb egasi” unvoni uchun o‘tkaziladigan tanlov g‘oliblari hamda harbiy okruglar Serjantlar tayyorlash maktabini bitirgan mutaxassislar orasidan tanlab olinadi.

– O‘quvchilaringiz uchun “Temur tuzuklari”ning qaysi shiori eng muhim sanaladi?

– “Kuch – adolatdadir”. Maktabimiz o‘quvchilari sport zallarida muntazam shug‘ullanadi, lekin ayni paytda ular kuch faqatgina adolat va uning himoyasi yo‘lida ishlatilishi lozimligini doimo yodda saqlaydi. Buyuk Amir Temur nomiga munosib bo‘lishga intilishimizning boisi ham shunda.

Ablay Kamolov, O‘zA
63 918