Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 20:00 Chop etish versiyasi

Yoshlarimizni diniy ekstremistik kuchlar ta’siridan asrash – barchamizning burchimiz

Guliston shahrida o‘tkazilgan davra suhbati shunday nomlandi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Sirdaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda shahardagi "Bo‘ston", "Istiqlol", "Obod yurt", "Bog‘ishamol" va "Ulug‘obod" mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda ba’zi mamlakatlarda o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini ilgari surayotgan diniy ekstremistik kuchlarning mudhish xatti-harakatlari tufayli sodir etilayotgan urushlar oqibatida minglab begunoh odamlar ayniqsa, bolalar, ayollar va qariyalarning qoni to‘kilayotgani, bunday xunrezliklar islom dinini niqob qilib, diniy ekstremistik g‘oya ta’siriga tushib qolgan irodasi, iymoni sust yoshlar qo‘li bilan amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisi o‘rinbosari S.Qudratov va boshqalar diniy ekstremistik kuchlarning asl maqsadi islom dinini niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli niyatlarini amalga oshirayotganini aniq fakt va raqamlar bilan batafsil tushuntirib berdi. Hadislardan misollar keltirilib, hijrat va jihod qilishning asl mazmun-mohiyati izohlab berildi.

– Mamlakatimiz aholisining barcha qatlamini, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni diniy ekstremistik kuchlarning ta’siriga tushib qolishdan asrashimiz lozim. Mo‘may daromad topaman, deb chet ellarga borib, turli diniy ekstremistik oqimlar tuzog‘iga ilinib qolayotgan yurtdoshlarimiz ham afsuski kam emas, – deydi viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari F.Rahmonov. – Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon bo‘lishi, millatlararo do‘stlik, birodarlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shish barchamizning sharafli burchimizdir. Ayniqsa, yoshlarimizni chetdan kirib kelayotgan g‘araz niyatli kimsalar ta’siridan saqlash, asrab-avaylash, diniy ekstremistik kuchlar g‘oyasi har tomonlama zararli ekanligini izchil tushuntirib, ularni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash oldimizda turgan eng dolzarb vazifadir.

Darhaqiqat, ogohlik, hushyorlik – bugungi davrning eng dolzarb talabi ekanligini unutmasligimiz ham qarz, ham farzdir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
3 583