Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 16:34 Chop etish versiyasi

Yoshlarga “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati tushuntirildi

O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunini aholiga keng tushuntirish bo‘yicha Jizzax viloyati adliya boshqarmasi tizimidagi idoralar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 50 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Jizzax huquqshunoslik kollejida “Huquqiy madaniyat –korrupsiya yo‘liga ishonchli to‘siq” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etdi. Jizzax shahridagi 5-davlat notarial idorasi notariusi O.Hasanovning O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati haqidagi ma’ruzasidan so‘ng, qonun bandlarining amalda qo‘llanishi bo‘yicha qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi.

Ayniqsa, qonunning 2-bob, 8-moddasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya faoliyati bilan bog‘liq korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, chek qo‘yish, oqibatlari, huquqbuzarlikka imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni bartaraf etish masalalari keng tushuntirildi.

– Huquqshunoslik kollejidagi darslarda bu mavzuda savol-javoblar bo‘lishi tabiiy, – deydi O.Hasanov. – Ammo yoshlar uchun qonunni amaliyotda bevosita qo‘llash usullarini bilish yanada qiziqarliroq. Shuning uchun amaliy faoliyat bilan bog‘liq suhbatda yoshlar juda faol ishtirok etdi.

Bunday tadbirlar viloyatning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirlar rejasiga muvofiq, Jizzax shahrining Alisher Navoiy nomidagi, Qaliya, Sharof Rashidov tumanidagi Qahramon, Yangiobod tumanidagi Balandchaqir, Forish tumanidagi Qizilqum, Mirzacho‘l tumanidagi Ipak yo‘li mahallalarida, Arnasoy tumanidagi 5-musiqa va san’at maktabi, Do‘stlik qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan davra suhbatlari, seminarlar ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Jizzax huquqshunoslik kolleji, Arnasoy tumanidagi “Bo‘ston”, “Cho‘lquvar”, “Oltin vodiy”, “Navro‘z”, Bobur nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan tadbir tafsilotlari viloyat adliya boshqarmasi rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hududiy idoralararo komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirishda adliya boshqarmasi tizimidagi muassasalar mutaxassislari faol ishtirok etmoqda. Tadbirlar doirasida boshqarma mutaxassislari viloyat radiosida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusidagi “Menga so‘z bering” tok-shousiga taklif etildi. Gazetalarda ushbu qonun targ‘ibotiga bag‘ishlangan maqolalar chop etilmoqda.

– Qonunni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishda viloyat adliya boshqarmasi tomonidan targ‘ibot tadbirlari izchil olib borilmoqda, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i E.Xo‘jaqulov. – Boshqarma mutaxassislari va tizimimizdagi davlat notarial idoralari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari, “Yagona darcha” markazlari xodimlari mas’ul qilib qo‘yilgani yaxshi samara bermoqda.

Mamlakatimizda aholi huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Xalqimizning ushbu qonunni yaxshi bilishi ularda o‘z haq-huquqini talab qilish, korrupsiyadek xavfli illatga qarshi kurashish ko‘nikmasi shakllanishiga xizmat qiladi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 959






Все о погоде - Pogoda.uz