Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 15:54 Chop etish versiyasi

Yoshlarga ko‘makdosh bo‘lib...

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini bu yil tamomlagan Anvar turmush o‘rtog‘i Umidaxon bilan birga "Yosh oilalar va qizlar" I Respublika forumida ishtirok etdi. Ularning yosh oilalarga oid adabiy-ma’rifiy kitoblarning saralangan ro‘yxatini shakllantirish va targ‘ibot etish bo‘yicha bildirgan takliflari mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda BMTning Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan uyushmagan yoshlarga oid respublika forumi yigit-qizlarning ilg‘or fikr va mulohazalari, amaliy takliflariga boy bo‘ldi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida mazkur loyiha yakuniga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar yoshlarning barcha qatlamlari manfaatlarini ifodalash, ularni kuchli ijtimoiy himoya qilish, bandligini ta’minlash masalasi Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yangicha ma’no-mazmun bilan boyiganini ta’kidladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda mamlakatimizning turli hududlari, olis va chekka tumanlar, qishloqlarda xonadonma-xonadon yurib, yosh oilalar, uyushmagan yoshlarning kundalik tashvishlari, o‘y-xayollari, orzu-intilishlarini keng va atroflicha o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mavjud dolzarb masalalarga turli tashkilotlar bilan birgalikda tez, o‘z vaqtida, oqilona yechim topish bo‘yicha amaliy ishlar bajarilmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlab "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida o‘tkazilgan "Yosh oilalar va qizlar" I respublika forumi doirasidagi muloqotlar, davra suhbatlari, uchrashuvlarda bu boradagi ishlarni zamon ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yishning istiqbollari belgilandi. Yoshlarni mafkuraviy ta’sirlardan asrashga doir kitoblar taqdimoti, kitobxonlik aksiyalari yurtimiz nashriyotlarida keyingi paytlarda chop etilayotgan eng sara, badiiy jihatdan puxta adabiyotlar haqida to‘laqonli ma’lumotga ega bo‘lish imkonini berdi.

Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilgan uchrashuv hamda mahorat saboqlari qizlarga qo‘shimcha hunar sirlarini o‘rganish, o‘quv markazlari va kasblarga oid kurslar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan aksiya forumga yoshlarga xos jo‘shqinlik bag‘ishladi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan yosh oilalar va qizlar bilan ishlash bo‘yicha strategiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati, sohaga oid islohotlar ahamiyati va mohiyatini yosh xotin-qizlar, yosh oilalar o‘rtasida keng targ‘ib etish, uyushmagan qizlar bilan ishlashda natijadorlikka erishish, qizlar tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, ularni ma’naviy tahdidlardan himoyalash kabi ko‘plab masalalar ko‘zda tutilgan. Tadbir doirasida "Qizlarjon" klubining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi. 

Nazokat Usmonova, O‘zA
1 606






Все о погоде - Pogoda.uz