O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Yoshlarga imkoniyat berilmoqda

Yoshlarga imkoniyat berilmoqda
Qishloq xoʻjaligi

Yurtimiz tuprogʻi shu qadar unumdorki, yilning toʻrt faslida ham dasturxonimizda sarxil meva-sabzavot, poliz mahsulotlari bisyor.

Bu borada Toshkent viloyati yoshlari ham yaratilgan imkoniyatlarga “labbay” deya javob bermoqda. Bugungi kunda viloyatda 18-30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarni ish bilan taʼminlash borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatda 525 ming 289 nafar yosh istiqomat qilayotgan boʻlib, shundan ish bilan band boʻlmagan yigit-qizlar 21 ming 298 nafarni tashkil qiladi. Ularning orasida uyushmagan yoshlar, taʼlim muassasalarini bitirganlar, imkoniyati cheklangan va jazoni ijro etish muassasalaridan qaytganlar ham bor. Hozir yoshlar asosan agroklasterlar, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik sohalari va tomorqachilik, xususan, issiqxona xoʻjaliklariga ishga joylashtirilayapti. Bunda “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi, “Yoshlar kelajagimiz” va “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturlari, mehnat yarmarkalari muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Joriy yilning bugungi kuniga qadar ishsiz yigit-qizlardan 14 ming 537 nafarining bandligi taʼminlandi. Ularning asosiy qismini uyushmagan yoshlar tashkil qiladi.

Shu kunlarda viloyatda xayrli bir ishga qoʻl urildi. Boʻka, Toshkent, Ohangaron va Parkent tumanlarida “Har bir yoshga – bir gektar” aksiyasi asosida ishsiz yurgan yigit-qizlarning har biriga suvli maydonlardan 20 sotixdan bir gektargacha yer ajratildi. Ularga mevali daraxt koʻchatlarini ekishga zarur texnikalar bilan yordam berilyapti. Hozirgacha joylarda 315 nafar yoshga 152,5 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Xususan, Boʻka tumanida joriy yilning 20-mart kuni “Boʻka” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi boʻsh turgan yer maydonlaridan “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi doirasida ishsiz 70 nafar yoshga 70 gektar yer maydoni ajratildi. Ularning har biri esa 2 nafardan yoshni ishga jalb qilishi natijasida 250 nafar yigit-qizning bandligi taʼminlandi.

Toshkent tumanida ham ishsiz yoshlar bandligini taʼminlashga moʻljallangan “Manzilli reja” asosida “Chuvalachi” hududidagi fermer xoʻjaliklari tomonidan ishsiz boʻlgan 5 nafar yigit-qizga sugʻoriladigan yerlardan jami 2,5 gektar yer berildi.

– Ushbu xayrli tashabbusda biz ham faol qatnashdik, – deydi “Abdumalik Muhabbat agro fayz” fermer xoʻjaligi rahbari Abror Abdusattorov. – Xoʻjaligimiz 14 gektar yer maydoniga ega boʻlib, turli sabzavot mahsulotlarini yetishtiramiz. Tumanimizda yer bilan tillashadigan, ishtiyoqi baland ikki nafar yigitimizni qoʻllab-quvvatladik. Shu maqsadda ularga kartoshka ekish uchun 70 sotix, sabzi uchun 30 sotix yer maydoni berildi. Kelgusida ular oʻz mehnati bilan oilasi va yurtimizga foydasi tegishiga ishonaman.

Ohangaron tumanida ham bunday tadbirlar amalga oshirilyapti. Umuman, 40 nafar ishsiz yigit-qizga 40 gektar yer maydoni ajratilishi koʻzda tutilgan. Bugungi kunda beriladigan yer maydonlari aniqlanib, ularni otaliqqa oluvchi fermer xoʻjaliklari yordamida maydonlarga ekinlar ekilmoqda. Jumladan, “Eyvalek” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi “Ohangaron Milk Produksion” MCHJga qarashli dala maydonida 10 nafar yoshga 10 gektar yer maydoni ajratildi. Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan yerga ishlov berilib, 100 tup olma koʻchati, kartoshka va beda ekildi. Ayniqsa, ertaki tarvuz mahsulotini yetishtirishda ohangaronlik yosh mirishkorlarning tajribasidan oʻrgansa arziydi. Polietilen plyonka qoplamalaridan foydalangan holda yetishtirilgan tarvuzlarni may oyining birinchi oʻn kunligida tayyor qilish koʻzda tutilmoqda.

Viloyatdagi bunday xayrli tadbirlar boshqa tumanlarda ham davom ettirilmoqda. Masalan, Parkent tumanining Soʻqoq qishlogʻida istiqomat qiluvchi 200 nafar yigit-qizga “Chashma” MFYdan 20 sotixdan, jami 40 gektar yer berildi. Shundan 6 gektar maydonga uzumning “Kishmish” navi ekildi. Qolgan 36 gektar maydonga ham uzumning boshqa navlari ekilishi rejalashtirilgan. Zangiota tumanida esa 52 nafar yoshga bugʻdoydan boʻshagan yerlardan 40 gektar ajratilishi rejalashtirilyapti.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida mahsulot yetishtirish hajmi va turini koʻpaytirish, qishloq aholisi daromadi, turmush darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bois ham berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, kaftdek yerdan moʻmaygina daromad olishga intilayotgan dehqonlarni yurtimizning har goʻshasida uchratish mumkin. Ayniqsa, Toshkent viloyati yoshlari har bir vaqtni gʻanimat bilib, aholining turmushini obod qilishga intilmoqda.

357
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA