O‘zA O`zbek

20.08.2018 18:22 Chop etish versiyasi

Yoshlarda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan 53 loyiha uchun 1,5 milliard so‘m ajratildi

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi barcha sohalar kabi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu mazkur komissiya faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan ishlarda ham o‘z ifodasini topmoqda.

Tadbirda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirokini faollashtirish hamda davlat tomonidan rag‘batlantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari, aholi manfaatlari yo‘lida tashkil etayotgan tadbirlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani yaxshi samara bermoqda.

Joriy yilda komissiya rejasida davlat granti ajratish bo‘yicha beshta tanlov loyihasi nazarda tutilgan edi. Yig‘ilishda shundan to‘rttasi amalga oshirilgani, ajratilgan summalar, loyihalar uchun murojaatlar va rejadagi tanlov loyihalari yuzasidan ma’lumotlar berildi.

O‘tkazilgan davlat grantining ikkita tanloviga jami 316 NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan 338 loyiha qabul qilindi. Yosh avlodni ma’nan yetuk, sog‘lom etib tarbiyalashga, ularda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan 53 loyiha uchun 1,5 milliard so‘m ajratildi.

Loyihalarni amalga oshirish jarayonida uyushmagan yoshlar o‘rtasida kitobxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga e’tibor”, “Men sevib o‘qigan kitob”, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovlarini tashkil etish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli fan, sport to‘garaklari faoliyatini yuritishga alohida e’tibor qaratildi.

Aholining ijtimoiy-ma’naviy, ekologik, tibbiy madaniyatini oshirishda, ijtimoiy tadbirkorlik, turizmning innovatsion turlarini joriy etishda NNTlar faolligini kuchaytirish maqsadida 43 ta ijtimoiy ahamiyatga ega deb topilgan loyihalarni 1,25 milliard so‘mga moliyalashtirish rejalashtirildi.

Tadbirda yurtimizda yashab kelayotgan turli millat va elat vakillarining milliy an’analari, urf-odatlari, udumlarini saqlash, millatlararo do‘stlik, hamjihatlik, birdamlikni mustahkamlash maqsadida “Jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, tinchlik, o‘zaro mehr-oqibat va do‘stlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni rag‘batlantirish” mavzusida davlat granti asosida beshinchi tanlov yuzasidan takliflar bildirildi.

Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlarida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini o‘rganish yuzasidan ma’lumotlar berildi. Kamchiliklarni bartaraf etishda soha vakillari uchun seminar-treninglar tashkil etish yaxshi samara berishi ta’kidlandi.

Loyihalarga ajratilgan mablag‘larning maqsadsiz sarflangani yoki ishlatilmaganligi aniqlangan taqdirda uni davlat hisobiga qaytarish yuzasidan tushuntirish berildi. Parlament komissiyasi kelgusida amalga oshiriladigan ishlarning rejasini taqdim etdi.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 568