O‘zA O`zbek

15.08.2018 13:06 Chop etish versiyasi

Yoshlar zo‘ravonliksiz hayot tarafdori

Yoshlar zo‘ravonliksiz hayot tarafdori

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Green Paradise” oromgohida bo‘lib o‘tayotgan “Biz zo‘ravonliksiz hayot uchun!” o‘quv-seminarida ko‘ngilli yoshlarga hayotda uchrab turadigan zo‘ravonliklarga qarshi kurashish usullari, tinch hayot ta’minlanishi uchun yoshlar qanday hissa qo‘shishi o‘rgatilmoqda.

Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirga mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan, ijtimoiy hayotda bo‘layotgan jarayonlarga befarq bo‘lmagan faol yoshlar jalb etilgan.

O‘zbekistonda odam savdosi va noqonuniy migratsiyaning oldini olish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni izchil amalga oshirib kelayotgan “Istiqbolli avlod” tashkiloti o‘zining xayrli ishlarida keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etishi uchun harakat qilayotir.

Oramizda odam savdosi qurboni bo‘layotgan insonlar kam emas. Olib borilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlariga qaramay, aldanib qolayotganlar hamon uchramoqda. Ayanchlisi, bunday qurbonlarning aksariyati yoshlardir. Ularning katta hayot ostonasida zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi bir umrlik bitmas jarohat.

Seminarning ochilishida markaz direktori Nodira Karimova xalqimiz hayotining tinchligi, xavfsizligiga hissa qo‘shish, ushbu ezgu maqsadga ko‘ngilli bo‘lib qo‘shilish katta jasorat ekanini ta’kidladi.

Markazning Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha ijtimoiy hamkorlik tarmog‘iga a’zo jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan o‘quv-seminari davomida yoshlar o‘rtasida odam savdosi va u bilan bog‘liq boshqa ko‘rinishdagi zo‘ravonliklarga qarshi kurashishda ko‘ngillilar harakatini rivojlantirish, bunda ijtimoiy axborot tarmoqlari imkoniyatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha treninglar tashkil etiladi, muloqotlar bo‘ladi.

M. Ro‘ziboyeva, O‘zA
2 733