O‘zA O`zbek

12.10.2018 12:01 Chop etish versiyasi

Yoshlar, vatanparvarlik va milliy armiya

Yoshlar, vatanparvarlik va milliy armiya

Ichki ishlar vazirligi qorovul qoʻshinlari tarkibiga kiruvchi Andijon shahridagi harbiy qismda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun “Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga barchamiz masʼul!” shiori ostida “ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.

Harbiy qism, viloyat mudofaa ishlari, xalq taʼlimi boshqarmalari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida navqiron avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiylik kasbiga qiziqishini oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyati namoyish etildi. Harbiylar tomonidan oʻquvchilarga milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy harbiy texnika imkoniyatlari, qurol-aslahalardan foydalanish qoidalari haqida keng maʼlumot berildi.

Ishtirokchilar harbiy xizmat burchini oʻtayotgan askarlarning amaliy va nazariy mashgʻulotlari, yashash sharoiti, qismdagi kompyuter, fotoelektron trenajyor-oʻquv xonalari, kutubxona, oshxona va sport majmuasi bilan tanishdi.

Harbiy xizmatchilar oʻquvchilarga tinchligimiz posboni boʻlishning masʼuliyati, mashaqqati hamda Vatan himoyasi muqaddas burch ekani haqida soʻzlab berdi. Tadbir davomida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

F.Ubaydullayev, OʻzA
742