Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 19:08 Chop etish versiyasi

Yoshlar sud-huquq tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyati bilan tanishdi

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini demokratlashtirish va liberallashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sud tizimi ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va ta’siridan chiqarildi, fuqarolarning sud orqali himoyalanish kafolatini kuchaytirish, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni liberallashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjat asosida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

Andijon davlat universitetida "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, fuqarolik, jinoyat va xo‘jalik ishlari bo‘yicha viloyat sudlari, viloyat prokuraturasi hamkorligida “Sud va yoshlar” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda shular haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi va talabalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda sud tizimini rivojlantirish, ularning faoliyatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyati hamda yoshlarning huquqiy bilim va madaniyatini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

– Tadbir yoshlarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi jarayonlarga faol, mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, ularda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlariga hurmat tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Andijon viloyati kengashi raisi Elyor Abduqodirov. – Mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, jinoiy jazolarning liberallashuvi va gumonlanuvchi, ayblanuvchi shaxslarning qonuniy huquqlarini mustahkamlash borasidagi ishlar, sohada ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangiliklar xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda yoshlarning faolligini yanada oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ishtirokchilar sud-huquq tizimi faoliyati va mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 847






Все о погоде - Pogoda.uz