Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 17:28 Chop etish versiyasi

Yoshlar uchun qulay imkoniyat

Yoshlar uchun qulay imkoniyat Yoshlar ijod saroyida Toshkent shahar hokimligi va qator tashkilotlar hamkorligida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholining barcha qatlami manfaatlarini aniq va manzilli, amaliy tarzda himoyalash, ayniqsa, yoshlarni kuchli ijtimoiy muhofazalash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan keng qamrovli sa’y-harakatlar, turli ijtimoiy tadbirlar, loyihalar hayotga keng joriy etilmoqda.

Bu boradagi intilishlarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim dargohlarini tamomlagan yoshlarning bandligiga ko‘maklashish, ularning o‘z tadbirkorlik ishini boshlashi uchun imtiyozli kreditlar ajratish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash orqali yangi ish o‘rinlarini barpo etish alohida o‘rin egallaydi.

Mazkur yarmarkadan ko‘zlangan maqsad ham bandlikka ko‘maklashish markazlari, ish beruvchilar va mehnatga layoqatli fuqarolar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ishga kirish istagidagi fuqarolarni mehnat bozoridagi so‘nggi ma’lumotlardan boxabar etish, yoshlarning bandligini ta’minlashdan iboratdir.

"Ziyoda art tekstil" tikuv korxonasi "Irodat" savdo brendi bilan to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Mazkur korxona turli kasblarga oid mehnat kiyim-kechaklari, maxsus formalar, sport hamda o‘quvchi liboslari tikishga ixtisoslashgan. Korxona vakili Feruza Soyibxo‘jayevaning aytishicha, ishlab chiqarish jarayoniga kollejni tamomlagan yoshlar keng jalb etilmoqda. Bugungi kunda mazkur korxonada tikuvchilik, modelyer-konstruktor, texnolog, dizayner kabi ixtisosliklar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Yarmarkaga kelgan yoshlarga mehnat munosabatlari va sharoitlari, ish haqi tartibi, xodimlar uchun qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumot berildi.

– Mehnat yarmarkasida tumanimizdagi 274 korxonadagi qariyb 1600 bo‘sh ish o‘rniga oid ma’lumotlar bilan ishtirok etmoqdamiz, – deydi Shayxontohur tumani bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari Dilnoza Soliyeva. – Tumanimizdagi barcha kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlarimiz tomonidan hamshiralik ishi, komputer operatorligi, aloqa, iqtisod kabi sohalarda ishlashga bo‘lgan qiziqish katta. Markazimizda ish so‘rab kelgan yoshlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlikni boshlash istagidagi kollej bitiruvchilarining salohiyati o‘rganilib, shu yerning o‘zida ular "Yagona darcha" tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tkazilib, soliq bo‘yicha identifikatsiya hujjatlari topshirilmoqda.

– Mehnat yarmarkasida ishtirokchilarga vakant joylar haqida ma’lumotlar taqdim etilishi bilan birga o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga tadbirkorlikka oid imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirishga doir yo‘l-yo‘riqlar, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar ham tushuntirilmoqda, – deydi Xalq bankining Toshkent shahar filiali kredit bo‘limi bosh mutaxassisi Shohruh Egamberdiyev. – Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishda bank-moliya tuzilmalari hamda mahallalar, kasb-hunar kollejlari o‘rtasidagi hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgan.

– Bir necha yildan buyon hovlimda parrandachilik bilan shug‘ullanaman, – deydi Ilhom Musayev. – Tovuqchilik koni foyda, daromadli soha ekan. Endilikda bu boradagi faoliyatimni yanada kengaytirish uchun bankdan kredit olish istagidaman. Uni rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar uchun qisqa vaqt ketishi ishimizga ancha ko‘mak bo‘ldi.

Mehnat yarmarkasiga kelgan Klara Umarovaning aytishicha, u pedagogika yo‘nalishidagi kollejni tamomlagach, so‘nggi yillarda farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan.

– Yarmarkada taqdim etilgan ma’lumotlar bilan batafsil tanishib, oilaviy sharoitimga mos bo‘lgan ish topdim, – deydi u. – Bu kabi mehnat yarmarkalarining tashkil etilishi ish beruvchi uchun ham, ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ham juda yaxshi imkoniyat.

Yarmarkada mehnat sharoitlari, bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha banklardan imtiyozli kreditlar olish, mehnat qonunchiligi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Nazokat Usmonova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
3 252






Все о погоде - Pogoda.uz