Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 17:14 Chop etish versiyasi

Yoshlar tarbiyasida mahallaning o‘rni

Yoshlar tarbiyasida mahallaning o‘rni Urganchda “Mahalla – mening taqdirimda” ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda mahalla instituti faoliyatini yanada takomillashtirish, uning vazifa va vakolatlari doirasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kasanachilik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, aholi bandligini ta’minlash kabi muhim vazifalarda ushbu institutning ahamiyati ortib bormoqda.

Tanlovning quyi bosqichlarida yuqori natija qayd etgan 11 jamoa viloyat bosqichida mahalla hayoti, milliy qadriyatlar, “oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi kabi 3 shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

– Bugungi globallashuv davrida yoshlarni turli yot g‘oya va illatlardan asrash, navqiron avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda mahallaning o‘rni beqiyos, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari B.Masharipov. – Mahalla mohiyatini yoshlar ongiga yanada chuqur singdirishda joylarda tashkil etilayotgan bu kabi tanlovlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Ishtirokchilarning savol-javob, insholar tanlovi shartlaridagi faolligi, qayd etgan natijalari fikrimiz tasdig‘idir.

Xonqa tumanidagi “Amudaryo” mahalla fuqarolar yig‘inining “Jayxun” jamoasi g‘olib, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Bog‘ot tumanidagi “Nurli maskan” mahalla fuqarolar yig‘inining “Kamolot”, uchinchi o‘ringa Urganch tumani “Oq maktab” mahalla fuqarolar yig‘inining “Shodlik” jamoasi sazovor bo‘ldi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA
586






Все о погоде - Pogoda.uz