O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Yoshlar taraqqiyotning yetakchi kuchidir

Yoshlar taraqqiyotning yetakchi kuchidir

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk bor oʻzbek tilida soʻzlagan nutqi barchamizning koʻnglimizni gʻurur va iftixorga toʻldirdi. 

Ayniqsa, biz ziyolilar, olimlar buni juda katta mamnuniyat bilan kutib oldik.

Davlatimiz rahbari bu safargi nutqida ham xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan muhim tashabbuslar bilan chiqdi. Unda mintaqa va global miqyosda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bois ham nutq nafaqat yurtimiz, balki xalqaro jamoatchilikda ham katta qiziqish uygʻotmoqda.

Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlash masalasi mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosatining uzviy davomi hisoblanadi.

Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish gʻoyasi ilk bor Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. Yoshlar har qanday jamiyatning ajralmas qismi, taraqqiyot hamda oʻzgarishlarga undovchi katta kuchdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu gal sessiyada ham Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirgani yoshlar masalasi doimo kun tartibida ekanligini koʻrsatib turibdi.

Yurtimizda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida” qonun qabul qilindi. 30-iyun mamlakatimizda Yoshlar kuni sifatida nishonlanmoqda. “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi. 

Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish borasida ilgari surilgan besh muhim tashabbus va Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi amalga oshirib kelinmoqda. Yaqinda Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar parlamenti tashkil etildi.

Xususan, bugungi kunda universitetimizda 18 ming nafardan ziyod talaba yoshlar taʼlim olayotgan boʻlib, ular uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Ularning orasida iqtidorlilari anchagina. Mushtariybegim Qurbonova, Maftuna Homidjonova, Qahhorali Homidov, Feruza Fozilova kabi talabalarimiz barchamizning faxrimiz. Shuningdek, taʼlim sohasida Rossiya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston singari koʻplab xorijiy davlatlarning nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻl qoʻyganmiz.

Davlatimiz rahbarining ilgari surgan xalqaro tashabbuslariga dunyo jamoatchiligi xayrixoh boʻlib, qoʻllab-quvvatlayotgani ham yangi Oʻzbekistonning buyuk kelajagidan dalolatdir.

Ravshanjon MAQSUDOV,
Fargʻona davlat
universiteti rektori,
professor

1 069
O'zA