O‘zA O`zbek

27.08.2018 16:48 Chop etish versiyasi

Yoshlar tadbirkorligi ravnaqi yoʻlidagi hamkorlik

Yoshlar tadbirkorligi ravnaqi yoʻlidagi hamkorlik
Xitoy Xalq Respublikasining “Umumjahon yoshlarni rivojlantirish forumi”tashkilotining ijrochiprezidenti Si Lyu xonim boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashiga tashrif buyurdi.

Yoshlar ittifoqi faollari, tadbirkor, huquqshunosyigit-qizlar ishtirok etgan mazkur uchrashuvda mamlakatimizda navqiron avlod manfaatlarini taʻminlash, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, bu yoʻnalishda qabul qilinayotgan milliy qonunchilikning mazmun-mohiyati xususida keng va atroflicha toʻxtab oʻtildi.

Mamlakatimizda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”i qonun yigit-qizlarning ezgu tashabbuslarini har jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Prezident tashabbusi bilan 2017-yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilgani yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvda davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida"gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil maʻlumot berildi.

– Oʻzbekiston yoshlar ittifoqini aniq, hayotiy maqsadlarni koʻzlovchi faol tashkilot sifatida bilamiz, – deydi Xitoydagi “Umumjahon yoshlarni rivojlantirish forumi” tashkilotining ijrochi prezidenti Si Lyu xonim. –Yurtingizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga oid koʻplab amaliy chora-tadbirlar, loyihalar hayotga keng joriy etilayotganidan xabardorman. Tashkilotimiz faoliyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshish muhim oʻrin egallaydi. Bu borada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz.

Uchrashuv davomida“Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi faoliyatiga doir taqdimot boʻlib oʻtdi. Shuningdek, “Graund Zero” shirkatining Chilonzor tumani boʻlimi, Toshkentdagi Yoshlar markazida “Biznes-taʻlimning zamonaviy yoʻnalishlari: Xitoy tajribasi” mavzuida seminar, biznesni muvaffqiyatli olib borish yuzasidan mahorat darslarioʻtkazildi.

Xitoylik delegatsiya vakillari Toshkent, Fargʻona, Xorazm, Buxoro viloyatlarida ham boʻlib, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid amaliy ishlar bilan tanishishi, moʻtabar qadamjolarga sayohat qilishi koʻzda tutilgan.

N.Usmonova, OʻzA
3 185