Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 16:09 Chop etish versiyasi

Yoshlar sudyalar bilan uchrashdi

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bir guruh iqtidorli talabalar, uyushmagan yoshlar, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar mamlakatimiz odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan yangicha islohotlar, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.

Mamlakatimizda sud tizimini rivojlantirish, ularning faoliyatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyati hamda yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan taraqqiyotimizning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilab berilgani, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo‘nalishi haqida yoshlarga tushunchalar berildi.

– Bugungi yoshlarning dunyoqarashi keng, ma’naviyati yuksak, ular bugungi uchrashuvimizda ko‘plab dolzarb masalalarni o‘rtaga tashladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bo‘lim boshlig‘i Surayyo Xo‘jamqulova. – Bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Azima Qiyosova, O‘zA
1 592






Все о погоде - Pogoda.uz