O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Yoshlar saylovlarga katta qiziqish bildirmoqda

Yoshlar saylovlarga katta qiziqish bildirmoqda

Xalqaro matbuot markazi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali talabalari uchun elections.uz sayti va “Saylov – 2019” mobil ilovasining taqdimoti o‘tkazildi.

Xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limi rahbari Sh.Aslonov o‘z taqdimotida Markaziy saylov komissiyasining yangi talqindagi elections.uz sayti va “Saylov – 2019” mobil ilovasining afzalliklari va qulayliklari haqida talaba-yoshlarga batafsil ma’lumot berdi.
Yangi dizaynda ish boshlagan elections.uz saytida normativ-huquqiy hujjatlar, qonunchilik, yangiliklar, xalqaro hamkorlik hamda OAV uchun kerakli ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan alohida bo‘limlar tashkil etildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar kesimida har bir saylov komissiyasi haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi. Bu esa vazirlik va idoralar, OAV hamda fuqarolarga barcha saylov komissiyalari bilan aloqa o‘rnatishga yordam beradi. Saytda ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun ham alohida imkoniyatlar yaratildi.

Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonlaridagi faoliyatini osonlashtirish va qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida “Saylov – 2019” mobil ilovasi ham ishlab chiqildi.

Unda saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida ma’lumotlar, saylovchilar, komissiya a’zolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, saylov faollarining bilimini oshirishga doir o‘quv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi bo‘yicha savol-javoblar o‘rin olgan.

Shuningdek, saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini topishida ko‘maklashish uchun maxsus havola ham joylashtirilgan.

456
M. SULAYMONOV, O‘zA