Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 19:35 Chop etish versiyasi

Yoshlar Prezidentimiz tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi

Kasb-hunar kollejimiz jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdi. Prezidentimizning BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish bo‘yicha taklifi kollejimiz o‘quvchilari va o‘qituvchilarida chuqur taassurot qoldirdi.

Ushbu masala O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridanoq eng ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati asoslari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni fikrimizni tasdiqlaydi. Davlatimiz suverenitetga erishgan ilk oylardan boshlab yoshlarga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda.

Ushbu masala Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ham diqqat markazidadir. Davlatimiz rahbari tomonidan 2016-yil 14-sentabrda imzolangan yangi tahrirdagi "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonun yoshlarga zamonaviy ta’lim olish, uy-joy xarid qilish va qurish, oila qurish uchun imtiyozli kreditlar olishda katta imkoniyatlar, tizimli ijtimoiy kafolatlarni taqdim etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston yoshlarida og‘riqli muammolar yo‘q, chunki ular davlat g‘amxo‘rligi og‘ushida hayot kechirmoqda. Prezidentimiz ayrim yoshlar, xususan, bizning yoshlarimiz ham zo‘ravonlik g‘oyasi "virusi" qurboniga aylanishidan kafolatlanmagani haqida kuyunchaklik bilan so‘zladi.

Prezidentimiz BMT yuksak minbaridan turib «Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi "virusi" tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz" dedi.

O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib mavqei bor, shu sababdan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida ko‘p qirrali hamkorlik o‘ta muhim. Prezidentimiz o‘z fikrini quyidagicha davom ettirdi: «Shu munosabat bilan O‘zbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etadi».

Internet asrida uning salbiy ta’siridan himoyalanib bo‘lmaydi, biroq dunyo hamjamiyati sa’y-harakatlarini umumlashtirish yo‘li bilan tahdid darajasini kamaytirish mumkin. Davlatimiz rahbari ham aynan shu haqda gapirdi. Mamlakatimiz yoshlari, xususan, kollejimiz o‘quvchilari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi yuksak minbarida ushbu masalani yoshlar muammolariga yetarli e’tibor qaratmaslik xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi nuqtai nazaridan ko‘tardi. Zotan, xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga jaholat va murosasizlik tashkil etadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda.

Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir. Biz Prezidentimizni ushbu vazifani amalga oshirishda to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

Rustam Adhamov,
Toshkent aloqa kasb-hunar
kolleji direktori.


1 923






Все о погоде - Pogoda.uz