Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 11:59 Chop etish versiyasi

“Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasidan aholi, ayniqsa, yoshlar juda mamnun

“Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasidan aholi, ayniqsa, yoshlar juda mamnun Qoraqalpog‘iston Respublikasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida o‘tkazilgan “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasidan aholi, ayniqsa, yoshlar juda mamnun.

Prezidentimizning joriy yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq o‘tkazilgan aksiya yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik o‘zgarish va yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oila farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Targ‘ibot guruhi a’zolari uch kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va qishloqlarida, olis ovullarida bo‘lib, asosan yoshlar bilan uchrashdi, ular mehnat qilayotgan korxona-tashkilotlar faoliyati bilan tanishdi, mahallalardagi uyushmagan yoshlarning qiziqishlarini o‘rgandi.

Tadbirlarda taniqli shoir-yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, sportchilar, tadbirkorlar, estrada xonandalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi.

– Yoshlarda yurtimizda sodir bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi baland ekani kishini quvontiradi, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, falsafa fanlari doktori Faxriddin Musayev. – Ayniqsa, Shumanay tumanidagi tadbirlarda bu yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu yerda yosh tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Nukus shahrida yaqinda ishga tushirilgan Nukus polimer zavodi, Nukus elektroapparat korxonasida mehnat qilayotgan yigit-qizlarning shashti, ulardagi vatanparvarlik tuyg‘usi kishini to‘lqinlantirib yubordi. Yoshlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlar bilan birga, ularni qiynayotgan savollarga javob topish, yechimini kutayotgan muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.

Ichki turizmni rivojlantirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan targ‘ibot tadbirlari Kegeyli, Chimboy, Qanliko‘l, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Shumanay tumanlari va Nukus shahridagi o‘quv muassasalari, mahallalar, madaniyat va aholi dam olish markazlarida bo‘lib o‘tdi. Mo‘ynoq tumanining olis ovullaridan uzoqdagi maktablarga qatnayotgan 40 o‘quvchiga velosiped sovg‘a qilindi. Ana shunday xayriya aksiyasi Qanliko‘l va Qo‘ng‘irot tumanlarida ham o‘tkazildi.

21.jpg

Targ‘ibot guruhi a’zolari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti huzuridagi Chimboy akademik litseyi o‘quvchilariga kitoblar to‘plami sovg‘a qildi. “O‘yjap” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi imkoniyati cheklangan Shahzoda Allambergenovaning tikuvchilikka bo‘lgan qiziqishini inobatga olib, zamonaviy tikuv mashinasi hadya etildi.

Dalada paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan shu kunlarda mahallalardagi uyushmagan yoshlardan tuzilgan otryadlar dehqonlarga ko‘mak bermoqda. “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida Xo‘jayli tumanidagi “Qamissho‘li”, Amudaryo tumanidagi “Yoqubova Gavhar”, Beruniy tumanidagi “Akrom fermer”, To‘rtko‘l tumanidagi “Yashnobod To‘rtko‘l” fermer xo‘jaliklari paxtazorlarida yoshlar davrasida o‘tkazilgan madaniy tadbirlar juda qiziqarli bo‘ldi. Talabalar teatr studiyasi jamoalari tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
1 950






Все о погоде - Pogoda.uz