O‘zA O`zbek

06.08.2018 23:21 Chop etish versiyasi

“Yoshlar mehnat guzari”da 40 ga yaqin yoshlar ishli bo‘ldi

“Yoshlar mehnat guzari”da 40 ga yaqin yoshlar ishli bo‘ldi Navoiy viloyati Karmana tumani “Shibzon” mahalla fuqarolar yig‘inida viloyatdagi ilk “Yoshlar mehnat guzari” kompleksi foydalanishga topshirildi.

Viloyatda Prezidentimizning joriy yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘rganishlar davomida yoshlarni qiynab kelayotgan 1000 dan ortiq muammoaniqlandi. Ro‘yxatga olingan 30 mingdan ortiq yigit-qizning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Ayniqsa, dasturda belgilangan “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari barpo etilishi yoshlarga ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘layotir.

Mahallada qad rostlagan ikki qavatli zamonaviy binodan ayollar va erkaklar saloni, tikuv sexi hamda oziq-ovqat do‘koni o‘rin olgan. Eng muhimi, bu yerda 40 ga yaqin yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

– Bino va zarur jihozlar uchun 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi, – deydi “Karmana Eldorado” xususiy korxonasi rahbari E.Mansurov. – Majmua loyihasi uchun mustaqil g‘oyam bo‘lsa-da, moliyaviy imkoniyatlarim cheklangan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Davlat dasturiga ko‘ra qisqa vaqt ichida imtiyozli kredit va yer maydoni ajratildi. Hozirda seximizda bozor talabiga qarab turli yoshdagilar uchun ko‘ylaklar tikilmoqda. Kelgusi yili tadbirkorligimizni yanada kengaytirib, 50 yangi ish o‘rni tashkil etishni rejalashtirganmiz.

– Kollejni bitirgach, mutaxassisligim bo‘yicha besh yil ish izladim, – deydi Z.Narziyeva. – Mahallamizda shunday majmua tashkil etilayotganini eshitib, shu yerga keldim. Mana endi, o‘z ish joyimga egaman. Mehnat daftarcham “Yoshlar mehnat guzari” ishchisi, degan yozuvlar bilan boshlanganidan juda xursandman.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat) O‘zA
4 711