O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Yoshlar masalasi yana bir bor BMT minbaridan yangradi

Yoshlar masalasi yana bir bor BMT minbaridan yangradi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida koʻp tomonlama xalqaro hamkorlikni rivojlantirish barqaror taraqqiyotga erishishning muhim omili ekanini taʼkidladi.

Prezidentimiz shu maqsadda 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Konvensiya loyihasi yoshlar siyosati boʻyicha milliy va xorijiy ekspertlar, soha mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar vakillari, keng jamoatchilik va yoshlar hamkorligida puxta ishlab chiqilib, 2017-2020-yillarda oʻtkazilgan turli xalqaro forum va konferensiyalarda keng muhokama qilindi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shafeligida oʻtkazilgan “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda yoshlarning roli” mavzusidagi xalqaro konferensiya, Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi

6-seminari, « Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilayotgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi shular jumlasidan. Mazkur xalqaro anjumanlarda dunyoning barcha mintaqalarida istiqomat qiladigan mingdan ortiq yoshlar ishtirok etib, konvensiya loyihasiga oʻz taklif va tavsiyalarini bildirdi.

2018-yilda oʻzbekistonlik yoshlardan iborat delegatsiya ilk bor BMT Bosh qarorgohida EKOSOS (Iqtisodiy va ijtimoiy kengash)ning Yoshlar forumida ishtirok etgan paytda Prezidentimizning ushbu tashabbusi forum kun tartibiga qoʻyilib, xorijiy davlatlar yoshlari, shuningdek, BMT Bosh kotibining Yoshlar huquqlari boʻyicha vakili Jayatma Vikramanayake xonim tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi.

Konvensiya loyihasini ishlab chiqishda 50 dan ortiq mamlakatning yoshlar siyosatiga oid qonunchiligi, huquqiy-meʼyoriy hujjatlari, 20 dan ortiq mintaqaviy tuzilmaning bitim va hujjatlari (Shanhay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqalar), 30 dan ortiq xalqaro tashkilotning umumiy normativ hujjatlari (BMT, JSST, Xalqaro mehnat tashkiloti, Parlamentlararo kengash va boshqalar) oʻrganildi.

Hozirda konvensiya loyihasi Oʻzbekistonning BMTdagi vakolatxonasiga koʻrib chiqish va aʼzo mamlakatlar bilan kelishish uchun yuborilgan.

Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish zarurati haqida yana bir bor taʼkidlagani katta ahamiyat kasb etadi.

Markaziy Osiyo davlatlari aholisining oʻrtacha yoshi 27,6 yoshni tashkil etadi. Mintaqa aholisining 50 foizga yaqini Oʻzbekistonga toʻgʻri keladi.

Mamlakatimiz demografik koʻrsatkichlariga koʻra “erta demografik dividend” bosqichiga mansub davlatlar qatoriga kiradi. BMTning 2017-yilda oʻtkazilgan “Dunyo aholishunosligi istiqbollari” mavzusidagi tadqiqotiga koʻra, 2048-yilga kelib Oʻzbekiston aholisining eng katta qismini (27,6 million nafar) mehnatga layoqatli fuqarolar (15-64 yosh) tashkil etadi.

Kelgusi besh yillikda yoshlarning ilmiy, kasbiy rivojlanishi, salomatligi, iqtisodiy imkoniyatlarining kengayishi, texnologiya va innovatsiyalarni rivojlantirishga ajratiladigan sarmoyalar “demografik dividend”ga ega boʻlishga, yaʼni mamlakatning qisqa muddatda yuqori iqtisodiy taraqqiyotga erishishiga zamin yaratadi.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli aholi oʻrtasida ishsizlik darajasi oʻsishi kuzatilmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotiga koʻra, 2020-yilning birinchi yarim yilligida butun dunyoda ish oʻrinlari 14 foizga (400 million) qisqardi. Natijada yoshlar oʻrtasida ishsizlik darajasi keskin oshmoqda.

Yoshlarning kuchli ijtimoiy taʼminoti, mehnat muhofazasini tashkil etish, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish barcha davlatlar kun tartibida turgan muhim vazifalardan biri. Shu jihatdan, dunyo yoshlarining huquqlarini himoya qilish, bandlik, taʼlim imkoniyatlarini yaxshilash, salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish nafaqat har bir mamlakat, balki butun dunyoning iqtisodiy, ijtimoiy barqarorligi va turmush farovonligini taʼminlashga zamin boʻlib xizmat qiladi.

Dilnozaxon Kattaxonova,
Yoshlar ishlari agentligi
direktori oʻrinbosari

1 910
OʻzA