Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.02.2018 12:36 Chop etish versiyasi

Yoshlar markazini obod hududga aylantiraylik...

Yoshlar markazini obod hududga aylantiraylik... "Facebook" ijtimoiy tarmog‘ida Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi raisining yoshlarga yo‘llagan “Viloyatimizni huquqbuzarlik va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantiraylik!” degan murojaatiga ko‘zim tushdi-yu, menda ayrim savollar tug‘ildi.

Avvalo, kaminani o‘ylantirgan narsa shuki, ayni murojaatni internetga joylagan odam (balki xushomad qilmoqchi bo‘lgandir) kengash raisini “viloyat yoshlari yetakchisi” deya nomlagani bo‘ldi. To‘g‘ri, u yoshlar tashkiloti rahbari bo‘lishi mumkin, biroq bu degani viloyat yoshlarining yetakchisi degani emas. Ikkisi bir-biridan mutlaqo farq qiladi. 

2.jpg

“Viloyatimizni huquqbuzarlik va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantiraylik!” degan da’vat esa, go‘yo kimdir shu mazmunda chiqish qilish kerak, deganu, balandparvoz gaplar bir-biriga ulab chiqilganday taassurot uyg‘otadi kishida. Balki bu ham kerakdir, shu tarzda kimgadir ta’sir ko‘rsatish mumkindir, biroq, bugungi taraqqiy etgan zamonda yosh avlodga uzundan-uzoq ma’ruza orqali nimanidir uqtirish sal qiyinday, nazarimda. 

4.jpg

Buning o‘rniga menda boshqa bir taklif bor. Yoshlar ittifoqi uchun yoshlarni Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik, daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hurmat ruhida tarbiyalash muhim ekan, hammasini dastavval ostonadan, ya’ni viloyat yoshlar markazidan boshlash kerak.

Nega deysizmi? Yo‘lni o‘sha tomonga burib, markaz va uning hovlisini bir qur ko‘zdan kechiring, bariga tushunasiz. Bu maskandagi yoshlar bir necha yil ilgari markazni qay holatda qabul qilishgan bo‘lsa, o‘sha holatda ushlab turishga “harakat” qilib kelmoqda. Misol uchun, 5-10 yil ilgari markaz hovlisi qay tariqa huvillab yotgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha-o‘sha, hech narsa o‘zgarmagan. Kichik bo‘lsa-da, undan unumli foydalanish, bog‘u gulzorga, ijodiy xiyobonga (tabiat qo‘ynida kitob o‘qib, she’r yozish, rasm chizish uchun sharoit yaratish nazarda tutilayapti) aylantirish hech kimning xayoliga kelmayapti. 

6.jpg

To‘g‘ri, Yoshlar markazi binosi old tomondan juda muhtasham, biroq "ichidan zil ketyapti", desak ishonasizmi? Mana bu suratlarda ko‘rib turganingizdek, muttasil befarqlik va tomdan suv o‘tishi sirtdan muhtasham ko‘rinuvchi markazga yarashmaydigan manzaralarni hosil qilgan. Suv qayerdan ketayotgani bilan jiddiyroq qiziqan kishi  uni bartaraf qilish uchun tarnovdan tushayotgan suvni yelim quvurga ulab qo‘yilsa, kifoya ekanini darrov anglaydi. Biroq, bunga hafsala qilishmagani aniq ko‘rinib turibdiki, markaz devorlarida suv ketishidan hosil bo‘lgan dog‘lar, o‘pirilishlar ko‘p. Ustunlarga yopishtirilgan bezaklar ushalib tushishni boshlaganki, istalgan vaqtda kishiga jarohat yetkazishi ham tayin. 

7.jpg

Yana bir chetda esa, chiqindilar uyumini katta banner bilan to‘sib qo‘yishibdi. Nahotki tozalab, tartibga solib qo‘yishning iloji bo‘lmasa?! 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar kirib chiqadigan “Kamalak” bolalar tashkiloti binosiga shundoqqina kiraverishda sigaret qoldiqlarini ko‘rasiz. Buni qanday tushunish kerak?

To‘g‘ri, viloyatimizni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish juda muhim. Bu xayrli ishga hammamiz birday mas’ulmiz. Ammo ishni avvalo viloyat yoshlari har kuni kirib chiqadigan Yoshlar markazini yanada obod qilishdan boshlansa, yaxshi bo‘lardi. Zero, shaxsiy ibrat, namuna degan gaplar bor, axir. O‘sha murojaatda aytilganidek, hamjihatlikda, bir jamoa bo‘lib mehnat qilinsa, loqaydlik va befarqlikka barham berilsa, tuzatishni avvalo o‘zimizdan boshlasak, boshqalarni ortimizdan ergashtirsak, kutilgan natijaga erishish mumkin. Bunga hayotda misollar juda ko‘p. O‘shanda Yoshlar ittifoqining ortidan boshqalar ham ergashadi, nima dedingiz?

11.jpg

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),O‘zA
6 956