O‘zA O`zbek

30.10.2017 12:44 Chop etish versiyasi

Yoshlar kelajak deputati sifatida o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi

Islomjon Abdug‘afforov Guliston davlat universitetida tahsil oladi. Qonun qabul qilish, uning ijrosini ta’minlash, deputatlik faoliyati, saylovchilar ishonchini oqlashga intilish nechog‘li mas’uliyatli jarayon ekanini endi u yanada teranroq anglaydi.

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan yoshlar uchun tashkil etilgan ma’rifiy loyiha yigit-qizlarning huquqiy bilimlarini yanada boyitish, kengaytirishdek maqsadlarga xizmat qildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tgan anjumanda mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, barcha jabhalarda kechayotgan islohotlar jarayonida, odamlarning og‘irini yengil qilishda, yoshlarning manfaatlarini himoyalashda siyosiy partiyalarning ta’siri va o‘rnini tobora oshirish dolzarb ekani ta’kidlandi.

O'zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan yoshlar uchun tashkil etilgan loyiha ham yigit-qizlarda Vatanimiz, uning taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘usini tobora kuchaytirishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.

– Mazkur loyiha davomida qonunlar ko‘p bosqichli muhokamalar, chuqur tahlillar asosida, odamlar, keng jamoatchilik fikrini atroflicha o‘rganish jarayonida yuzaga kelishiga guvoh bo‘ldik, – deydi Jizzax davlat pedagogika instituti talabasi Gulruh Sa’dullayeva. – Bugun bizning to‘kin, farovon hayot kechirishimiz, bilim olishimiz yo‘lida barcha imtiyoz, imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Biroq ba’zi yoshlar o‘z huquqini yaxshi bilgani holda Vatan oldidagi burchi, ijtimoiy mas’uliyatini unutgani sir emas. Bu kabi tadbirlar biz uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar qanday huquqiy poydevorga, mustahkam asosli tizimga tayanishini yana bir bor namoyon etdi.

Siyosiy partiya vakillari, deputatlar ishtirokidagi uchrashuvda O'zLiDePning "Yosh liberallar" klubi hamda uning "Kelajak deputatlari" va "Yosh tadbirkorlar muammolarini o‘rganish" guruhlarining taqdimoti o‘tkazildi. Anjuman doirasida ishtirokchi yoshlar kelajak deputati sifatida taklif va tavsiyalarini bildirib, saylovoldi dasturini tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etdi. Bu kabi ma’rifiy loyihalar yoshlardagi tashabbuskorlikni, faollikni yanada kuchaytirishi bilan birga ularda Vatan, xalqimizga, yaratilayotgan ulkan imkoniyatlarga, bildirilayotgan ishonchga munosiblik tuyg‘usini yanada kuchaytirishi shubhasiz.

Nazokat Usmonova, O‘zA
4 697