O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

04.09.2018 10:38 Chop etish versiyasi

“Yoshlar kelajak bunyodkori!” yoshlar festivalining gʻoliblari taqdirlandi

“Yoshlar kelajak bunyodkori!” yoshlar festivalining gʻoliblari taqdirlandi

Fargʻonada “Yoshlar kelajak bunyodkori!” shiori ostida oʻtkazilgan yoshlar festivalining gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

photo5219953456440256795.jpg

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan “Yoshlar kelajak bunyodkori!“ shiori ostida tashkil etilgan ijodiy festival ham isteʼdod sohiblarini kashf etishga, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.

photo5219953456440256796.jpg

Fargʻonada tashkil etilgan festivalning saralash bosqichlarida gʻolib boʻlgan 200 dan ziyod oʻgʻil-qiz viloyat bosqichida oʻz isteʼdodini namoyish etdi. Ularning chiqishlari hakamlar hayʼati tomonidan munosib baholandi.

Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyining yozgi amfiteatrida tashkil etilgan taqdirlash marosimida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati xususida soʻz yuritildi. Tadbirda oʻzbek milliy cholgʻu ansambli, damli, torli cholgʻu ansambli, estrada cholgʻu ansambli, oʻzbek milliy cholgʻu orkestri, damli, torli cholgʻu orkestri, simfonik cholgʻu orkestri yoʻnalishlari boʻyicha gʻolib boʻlgan yoshlarga maxsus diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

– Bu festival biz, yoshlarni yangi maqsadlar sari undamoqda, – deydi akademik (opera) yoʻnalishi gʻolibi Maqsudjon Usmonov. – Albatta yoshlarga qaratilayotgan bunday katta eʼtibor va imkoniyat bizlarni ham zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Kelgusida oʻzbek sanʼatini jahonga tanitishni niyat qilganman.

Taqdirlash marosimi isteʼdodli yoshlarning gala konserti bilan yakunlandi.

Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), OʻzA