Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 21:49 Chop etish versiyasi

Yoshlar – kelajak bunyodkori

Yoshlar – kelajak bunyodkori Poytaxtimizda shu shior ostida uyushmagan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarda natijadorlikka erishishning ilmiy-amaliy masalalariga bag‘ishlangan respublika konferensiyasi ish boshladi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Bosh prokuratura, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlari mas’ul xodimlari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, turli soha mutaxassislari, uyushmagan yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri I.Majidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga, ularning har tomonlama sog‘lom kamol topishiga, iste’dodini ro‘yobga chiqarishga, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston yoshlari erishgan yutuqlarni sanab adog‘iga yetish qiyin. Ular buyuk ajdodlarimizning munosib vorisi sifatida Vatanimiz ravnaqi yo‘lida doim kamarbasta bo‘lib kelmoqda. Dunyodagi tengdoshlari orasida obro‘-e’tibor qozongan. Ertangi kunimiz egalari o‘z kamoli – ilm-fandagi izlanishlari samarasini, sport va madaniyat sohasidagi yutuqlarini, ma’naviy va jismoniy yuksalishini mustaqillik sharofati, deb biladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarga oid amalga oshirilgan davlat siyosatining samarasini alohida qadrlaydi.

Yoshlik – ayni latif fasl. Unda zo‘r qudrat yetiladi. Davr shiddati bugun barchamizdan fidoyilikni, yangicha ruhda mehnat qilishni, ogoh va hamisha sergak bo‘lishni talab qilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 30-iyun kuni mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashuvda bu jihatlarga to‘xtalib, jismoniy va ma’naviy yetuk yoshlar – ezgu maqsadlarimizga yetishda tayanchimiz va suyanchimiz ekanini alohida qayd etdi. Bu borada qator dolzarb va yechimini kutayotgan muhim masalalar yuzasidan aniq takliflarni bildirdi.

Prezidentimizning joriy yil 5-iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoni mamlakatimiz yoshlari hayotida tub burilish yasadi.

Yangi tashkil qilingan tashkilot yoshlarning tom ma’nodagi suyanchiga aylanmoqda. Endilikda bu tuzilma yoshlarning huquqlarini ta’minlash, Vatanga muhabbat, kelajakka ishonch hissini qaror toptirish, puxta bilim egallashlari, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ma’naviyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, uyushmagan yoshlar qatlami bilan ishlash, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar siyosati borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish kabi qator vazifalarni hal etadi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilab berilgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etadigan, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, halol va fidoyi yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, ularni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mas’ul lavozimlariga tavsiya etish ham alohida e’tibordagi masala.

Konferensiyada uyushmagan yoshlar ijtimoiy qatlamini o‘rganish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, qayta tayyorlash va bandligini ta’minlashni zamon talablari asosida tashkil etish, bu borada olib borilayotgan ishlarni tizimli tashkil etishda davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligini takomillashtirish tashabbuslari ilgari surildi.

Uyushmagan yoshlar bilan ishlashning xorij tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, jamiyatda yoshlarga oid muammolarning paydo bo‘lishi, avvalo, ularning muammolariga e’tiborsizlikdan boshlanadi. Bu yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ayrim yoshlarimizning kasbiy ko‘nikma va bilimlarga ega emasligi muammoni yanada chigallashtiradi. Sir emas, ba’zi yoshlarimiz kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan bo‘lsa-da, yetarlicha bilimga ega emas. Tabiiyki, bu ularning ishga joylashishiga g‘ov bo‘ladi. Yoshlarimiz o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, yot g‘oyalar, turli manfur oqimlar ta’siridan himoyalash g‘oyat dolzarb vazifa. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda sodir etilayotgan har 3 jinoyatning bittasini yoshlar sodir etmoqda.

Konferensiyada bu kabi muammoli vaziyatlarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi, takliflar o‘rtaga tashlandi.

– Davlatimizning yoshlarga oid siyosati bugun o‘z samarasini bermoqda, – deydi Toshkent davlat madaniyat va san’at instituti professori M.Bekmurodov. – Yigit-qizlarimiz bu yuksak e’tiborga munosib bo‘lishga harakat qilayapti. Bugun yoshlarimiz bandligini ta’minlash, islohotlarimizga daxldorlik hissini kuchaytirish, jamiyatda faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bizning e’tiborimizdan hech bir yosh chetda qolmasligi kerak. Shunda ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz.

Albatta, mamlakatimizda iqtidorli yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov ma’lumotiga ko‘ra, bugun 90 mingdan ortiq yoshlarimiz tadbirkorlik bilan band. Ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xorijga ham eksport qilinmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.

Kasbga tayyorlash markazlari, o‘quv kurslari tashkil qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, uyushmagan yoshlar muammolarini o‘rganishga qaratilgan klublar faoliyatini yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.

Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun turli madaniy tadbirlar, uchrashuvlar va filmlar namoyishi rejalashtirilgan. Konferensiya yakunida eng yaxshi maqolalar mualliflari tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantiriladi, ilmiy izlanishlarni kelgusida amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ulug‘bek Asrorov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 011






Все о погоде - Pogoda.uz