O‘zA O`zbek

15.08.2018 16:48 Chop etish versiyasi

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi – amalda

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi – amalda
Yoshlarning tashabbus va loyihalariga 54 milliard so‘m sarflanadi

– Bugungi imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan har bir yosh kelajakda nafaqat o‘zi yoki mahallasiga, balki butun jamiyatimizga naf keltiradigan tadbirkor bo‘lib yetishadi, – dedi Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev yoshlar bilan uchrashuvda.

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari mutasaddilari, yosh tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etgan uchrashuvda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Jamg‘arma mablag‘larini yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oya va loyihalarini amalga oshirishga sarflash masalasi muhokama qilindi. Tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit berish, band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon sotib olish, ularni kupaytirish va sotish haqida kelishib olindi.

Uchrashuvda yosh tadbirkorlar, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarning muammo va takliflari tinglandi, aksariyatiga joyida yechim topildi.

– Bankdan kredit olib, 5 gektar yerda tashkil qilgan bog‘imiz qir-adirda joylashgan, – deydi yosh tadbirkor Odiljon Xolov. – Bog‘ni sug‘orishda muammolarga duch kelayotgan edik. Endi muammo qolmadi. Tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan 7 foizlik imtiyozli kredit olishga erishdim.

Shuningdek, yosh tadbirkorlar orasidan suhbat orqali saralab olingan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining tuman, shahar bo‘limlari direktorlari yoshlarga tanishtirildi. Ularga yoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lishi uchun zamonaviy uyali aloqa vositalari taqdim etildi.

O‘.Barotov, O‘zA
3 087