O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 17:14 Chop etish versiyasi

Yoshlar kamolotiga qaratilayotgan eʼtibor bizga kuch beradi

Yoshlar kamolotiga qaratilayotgan eʼtibor bizga kuch beradi
2018 yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va 
texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili

Yoshim oʻttiz birda. Maqtanchoqlikka yoʻymang, yurtimizning faol yoshlaridan biri sifatida shaxsiy hayotimda ham, ish faoliyatimda ham koʻp yutuqlarga erishdim.

Andijon davlat universitetining xorijiy tillar fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirganman. Erishayotgan yutuqlarimda menga taʼlim-tarbiya bergan insonlar – ota-onam, ustozlarim, barcha yaqinlarimning hissasi beqiyos. Ularning qoʻllab-quvvatlashi, qolaversa, yurtimizda men kabi yoshlarga yaratib berilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar tufayli jamiyatda munosib oʻrin topdim.

Hozir tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanaman. 2015-yilda Andijon shahrida nodavlat “Villi” bolalar markazi tashkil etgan edim. Oʻshanda ikki nafar oʻqituvchi va 40 nafar oʻquvchi bilan ish boshlagan boʻlsak, hozirga kelib 30 nafardan ortiq xodim ishlaydi. Markazda oʻquvchilarga mental arifmetika, ingliz va rus tillari oʻrgatiladi. Sportning karate, taekvondo, qizlar uchun badiiy gimnastika yoʻnalishlari boʻyicha toʻgaraklar faoliyat koʻrsatadi.

7.JPG

Oʻzbekistonning dunyoni rivojlangan davlatlari bilan raqobat qila olishi, yanada taraqqiy etishi koʻp jihatdan xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning bilimi, kasb malakasi va salohiyatiga chambarchas bogʻliq. Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etar ekan, bu yurtimiz ertasining yanada nurafshon boʻlishi uchun katta imkoniyatdir. Men ham koʻpchilik tengdoshlarim qatori ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilayapman.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugun yurtimizda xususiy taʼlim muassasalari faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilingan hujjatlar xususiy taʼlim muassasalariga qator imtiyoz, keng imkoniyatlar bermoqda. Ana shu imkoniyatlardan ruhlangan, qolaversa, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga hissa qoʻshish maqsadida “Innovatsion taʼlim majmuasi“ tashkil etish loyihasini ishlab chiqdim. Ushbu loyiha doirasida xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi, umumtaʼlim maktabi, “Ona va bola”, “Mutaxassislar tayyorlash" markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

1.JPG

“Ona va bola“ markazida uy bekalari, farzandini toʻgarakka olib kelgan onalar uchun maxsus oʻquv kurslari, sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari oʻtkaziladi. “Mutaxassislar tayyorlash” markazida esa yoshlarga turli yoʻnalishlarda hunar oʻrgatiladi yoki egallagan hunari boʻyicha malakasi oshiriladi. Bundan maqsad, yoshlarni ham zamonaviy, ham yuqori maosh toʻlanadigan sohalar boʻyicha oʻqitish, oʻzimiz ish topib, ularning kelajak yoʻlini tanlashiga koʻmaklashishdir.

“Innovatsion taʼlim majmuasi“ loyihasini amalga oshirish uchun viloyat hokimligi yaqindan yordam koʻrsatmoqda. Yaʼni, Andijon shahar iqtisodiyot kollejining foydalanilmay turgan yotoqxonasi oʻquv markazimizga “nol” qiymatda berildi. Hozir bu yerda qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Binoning tayyor boʻlgan qismida “Ona va bola“, “Mutaxassislar tayyorlash“ markazlari ochilib, faoliyat yurita boshladi. Har ikki markaz zarur jihozlar bilan taʼminlandi, hunar oʻrganish, malaka oshirish istagini bildirgan yoshlar, shuningdek, onalarning gimnastika, gimnastrada, sheyping mashgʻulotlari bilan shugʻullanishi uchun zarur sharoit yaratildi.

Galdagi vazifa 300 oʻrinli nodavlat maktabi hamda 200 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasini ishga tushirish. Nasib etsa, yangi yilga qadar bolalar bogʻchasi oʻz faoliyatini boshlaydi.

“Innovatsion taʼlim majmuasi“ loyihasi toʻliq amalga oshirilishi natijasida 100 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Bolalar, yoshlar va onalar innovatsion taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Bugun ulkan maqsad va rejalarni amalga oshirish yoʻlida astoydil mehnat qilayapman. Bu yoʻlda yurtimizda tadbirkor yoshlarga yaratib berilgan keng imkoniyatlar, Prezidentimizning yoshlar kamolotiga qaratayotgan doimiy eʼtibori va eng muhimi, ishonchi menga kuch-gʻayratbagʻishlaydi. Oʻz faoliyatim bilan yurtimiz ravnaqiga oz boʻlsa-da, hissa qoʻshayotganimdan gʻoyat baxtiyorman.

Xurshida Kamoliddinova,
Andijon shahridaginodavlat “Billi”
bolalar markazi ijrochi direktori

Zuhriddin Umurzoqov (surat), OʻzA