O‘zA O`zbek

28.03.2019 Chop etish versiyasi

Yoshlar jinoyatga nega qo‘l uradi?

Yoshlar jinoyatga nega qo‘l uradi?

Yirik ma’rifatparvar Abdulla Avloniy yoshlar tarbiyasini hayot-mamot masalasi, deb ta’riflagan. Zero, tarbiyasi mo‘rt yoshlardan jamiyat, mahalla yoki oila uchun hech qanday naf bo‘lmaydi.

Yoshlarning jinoyatga qo‘l urishi tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xato yoki befarqlikning achchiq in’ikosidir.

Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir etilgan jinoyatlar tahliliga ko‘ra, 
2018 yil davomida 226 nafar voyaga yetmagan va yoshlarning jinoyatga qo‘l urgani, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va maktab o‘quvchilari tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilgani achinarli holdir.
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar asosan tumanning “Avayxon”, “Nur”, “Mustaqillik”, “Olmachi”, “Podshobog‘”, “Olimlar”, “Feruza”, “Shalola” mahallalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, o‘smirlar nega jinoyatga qo‘l urmoqda? Ularning ota-onasi, ta’lim muassasasi, mahallasi bunday holatga nega befarq, loqayd munosabatda bo‘lmoqda?
Mirzo Ulug‘bek tumanida bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘quvchilarning darsga muntazam qatnashishi nazoratga olinib, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga va yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan har bir huquqbuzarlik va jinoyat chuqur tahlil qilinib, mas’ul rahbarlarga tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida joriy yilning o‘tgan davrida hududda huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan voyaga yetmaganlar, o‘z farzandi tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yoki ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanmay yurgan ota-ona ichki ishlar bo‘limlari profilaktik hisobiga olindi.

Mahallalarda yoshlar o‘rtasida uchrayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida olib borilayotgan targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirildi. Natijada IIB hisobida turgan voyaga yetmaganlar profilaktik hisobdan chiqarildi.
Bu o‘z navbatida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2017 yilda 19 nafar yoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2018 yilga kelib 8 nafar yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishi olib borilayotgan ishlarning natijasida yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlarning kamayishiga erishildi.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining asosiy sabablaridan biri oiladagi nosog‘lom muhitdir. Shuning uchun har bir ota-ona farzand tarbiyasiga alohida mas’uliyat bilan yondashishi lozim.

O‘smirlik davrida yengil-yelpi hayotga o‘rgangan bolada asosan bezorilik va firibgarlik bilan bog‘liq xatti-harakatlar ko‘p uchraydi. Bu o‘zboshimchalikning oldi vaqtida olinmas ekan, ulg‘ayganida ular katta ”ish”larga ham qo‘l urishi turgan gap.

Mutaxassislar ota-onaning farzand axloqidagi salbiy o‘zgarishlar, uning fe’l-atvori, ta’lim-tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lishi bola kelajagi uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi asosiy omil ekanini ta’kidlaydi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jinoyatga qo‘l urayotgan bolalar, asosan, notinch va nosog‘lom oilalarda voyaga yetmoqda. Oiladagi bunday muhitga moslashgan yoki moddiy ta’minotga muhtoj bola boshqalar bilan ko‘p janjallashadi, o‘g‘rilik, bezorilik kabi jinoyatlarga qo‘l uradi.

Misol uchun, voyaga yetmagan Olimov Olim O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan 9 ta epizoddan iborat jinoyatlarni sodir etganligi uchun “uy qamog‘i” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lishiga qaramasdan, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, tergov davrida qasddan yana 12 ta epizoddan iborat o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etdi.

Tuman sudining hukmi bilan O.Olimovga 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq farzandi taqdirini o‘ylamagan ota-onasining afsus-nadomatlari endi kech. Bunday bo‘lmasligi uchun ota-ona tarbiyaga jiddiy qarashi, jinoyatga olib keluvchi omillarni o‘z vaqtida anglab, bartaraf etishi zarur edi.

Ota-onalarning bolalar tarbiyasiga mas’ulligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida alohida qayd etilgan. Unga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Biroq, bugungi kunda voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquq¬buzarlik va jinoyatchilikning ortib borayotgani ota-onalarning farzand tarbiyasiga e’tiborsizligini ko‘rsatmoqda.

Yoshlar o‘rtasida itoatsizlik, ota-onaga quloq solmaslik illati shakl¬lanib bormoqda. Ota-onaning topshirig‘ini bajarmasligi, hatto ularga nisbatan kuch ishlatgan holatlar ham uchrayotgani achinarlidir.

Farzandni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda, albatta, oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. O‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lgan bola jinoyat ko‘chasiga kirmaydi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etishi, burchini sidqidildan bajarishi lozim.

M.Qayumov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha 
Mirzo Ulug‘bek tuman 
sudi sudyasi

1 731
O‘zA