O‘zA O`zbek

01.08.2018 11:16 Chop etish versiyasi

ONLAYN: Yoshlar hayotidagi hayajonli kun

ONLAYN: Yoshlar hayotidagi hayajonli kun

Namangan viloyatida ham oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari puxta tayyorgarlik asosida boshlandi.

6.jpg

Viloyatda joriy yilda belgilangan kvota asosida uchta oliy ta’lim muassasasi – Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Namangan muhandislik-qurilish institutiga 4 ming 355 nafar talaba qabul qilinadi va mazkur o‘rinlarga 38 ming 555 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

8.jpg

Yoshlar taqdirida muhim ahamiyatga ega imtihon jarayonlarini sifatli tashkil qilish, abituriyent va ularning ota-onalariga qulay sharoitlar yaratish, test sinovlarini qonuniy o‘tishi uchun viloyat markazidagi 3 katta muassasa binosi – “Barkamol avlod” sport majmuasi, Namangan olimpiya zaxiralari kolleji va Namangan muhandislik-qurilish instituti qoshidagi akademik litseyning sport zallari tayyorlandi.

9.jpg

Sinovlar o‘tkaziladigan inshootlarda mo‘tadil harorat barqarorligini ta’minlash uchun 60 zamonaviy konditsioner o‘rnatildi. Jami 1 ming 860 ta bir o‘rinli parta va stullar qo‘yilib, abituriyentlarning imtihon vaqtida o‘zaro xalaqit bermaydigan tartibda joylashtirildi. Bu maqsadga viloyat hokimligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1 milliard 190 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

11.jpg

Bundan tashqari test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida 52 kuzatuv kamerasi, 4 shaxsni identifikatsiyalash vositasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Xavfsiz shahar” dasturi doirasida 4 ta aylanma kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

12.jpg

Abituriyentlar imtihon topshirish hududiga ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rnatilgan metalloramka tekshirish vositasi orqali qo‘yildi. Abituriyent qizlarni tekshirib o‘tkazish uchun maxsus kabinalar tashkil etilgan. Imtihonlar jarayonida esa oliy ta’lim muassasalari hamda xalq ta’limi tizimidan tanlab olingan 458 nafar malakali, vijdonli va fidoyi o‘qituvchi, rahbar va xodim nazorat olib boradi.

Test sinovlarini Namangan davlat universiteti abituriyentlari 1-6, Namangan muhandislik-qurilish instituti abituriyentlari 6-8 va Namangan muhandislik-texnologiya instituti abituriyentlari 8-10-avgust kunlari topshiradi.

A.Sattorov, O‘zA
6 218