O‘zA O`zbek

20.09.2018 Chop etish versiyasi

“Yoshlar haftaligi”: 14 ta loyiha doirasida 4 481 nafar yosh qamrab olindi

“Yoshlar haftaligi”: 14 ta loyiha doirasida 4 481 nafar yosh qamrab olindi
Jizzaxda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi va bir qator tashkilotlar koʻmagi bilan oʻtkazilayotgan “Yoshlar haftaligi” koʻtarinki ruhda davom etmoqda. Baxmal va Gʻallaorol tuman yoshlari uchun ham bir qator loyihalar, ijodiy uchrashuvlar, sport tadbirlari, master-klasslar, seminarlar tashkil etildi. Bir-biridan qiziqarli 14 ta loyiha doirasida 4 481 nafar yosh qamrab olindi.

photo5267182488785103279.jpg

Jumladan, haftalik doirasida Baxmal tumanidagi “Novqa” ziyoratgohi bogʻida, Gʻallaorol tumanida “Marjon” bolalar oromgohida taniqli shoir va yozuvchilar hamda 800 nafar yosh ijodkorlar bilan “Nazm va navo” kechalari tashkil etildi. Bahavo tabiat qoʻynida yigʻilgan yosh ijodkorlarning quvonchi cheksiz. 

photo5267182488785103281.jpg

Ijodiy uchrashuvlar davomida iqtidorli yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini oshirish yuzasidan maslahatlar berildi, mushoiralar va kitobxonlik targʻiboti tashkil etildi. Yozuvchilar uyushmasi va Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan 4 nafar yosh ijodkorlarning sheʼriy toʻplamlarini chop etish boʻyicha tavsiya berildi hamda 20 nafar yoshlar Respublika yosh ijodkorlar kengashi aʼzoligiga qabul qilindi.

Baxmal tumanida 20 nafar eng isteʼdodli yoshlar Yozuvchilar uyushmasi hamda Yoshlar ittifoqining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

– Biz koʻrgan manzara oʻzgacha. Bu yerga jam boʻlgan isteʼdod sohiblarining kitob oʻqishga, ijod qilishga boʻlgan chanqogʻini koʻrib havas qildim. Bu hududlarda haqiqiy kitobxon va haqiqiy ijodkorlar qatlami shakllanmoqda. Biz bundan juda xursandmiz. Ijodkor boʻlish uchun eng muhimi, ijod qilishga tashnalik. Haqiqiy ijodkor kitobxon boʻlishi kerak. Hech qachon kitob oʻqimay turib ijodkor boʻla olmaysiz. Biz bularni yosh ijodkorlarga tavsiya sifatida taʼkidladik, – deydi “Mard oʻgʻlon“ Davlat mukofoti sohibi Muhammadxon Yusupov. 

Bir soʻz bilan taʼkidlash joizki, ushbu uchrashuvlar yangi jilgʻalarning daryoga quyilishiga zamin boʻldi.

2 169
Gulchehra Ashurova, OʻzA