Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.08.2017 15:18 Chop etish versiyasi

Yoshlar bilan qiziqarli uchrashuv

Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi tashkilot rahbarlari, faxriylar yoshlar bilan uchrashib, ularning qiziqishlari, orzu istaklari bilan yaqindan tanishayotgani yigit-qizlarga o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yanada keng imkoniyat eshiklarini ochmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish va bu borada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda yoshlarga aloqa tizimining tarixi va sohada erishilgan yutuqlar haqida so‘zlab berildi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy iqtisodiyotning barcha sohalari rivojida muhim ahamiyatga ega. Uchrashuvda mamlakatimizda milliy axborot makonini jadal rivojlantirish asoslari yaratilganligi, fuqarolarning axborotga oid huquqlari qonun bilan kafolatlanganligi qayd etildi.

– Biz, yoshlarni ezgu maqsad va g‘oyalar atrofida birlashtirish, tashabbus va intilishlarimizni qo‘llab-quvvatlash va tengdoshlarimiz bilan sog‘lom raqobat muhiti asosida ilmiy va texnik kashfiyotlarni amalga oshirishimizda bu kabi uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi a’zosi Beksulton Nodirov. – Muzeyda o‘tgan qiziqarli uchrashuv bizga katta ma’naviy ozuqa bo‘lishi bilan birga, axborot sohasidagi bilimlarimizni boyitishga ham xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari Qonunchilik palatasi deputatlaridan parlament va axborot-kommunikatsiya sohalarida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 393






Все о погоде - Pogoda.uz