Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.11.2017 18:52 Chop etish versiyasi

Yosh targ‘ibotchilarga zarur tavsiyalar

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan Respublika yosh targ‘ibotchilar markazi targ‘ibotchilari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 170 ga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Qatnashchilar uchun huquqiy, fan-ta’lim va ma’naviyat yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga bo‘lingan holda, mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda malakali mutaxassislar tomonidan targ‘ibotchining auditoriya bilan ishlashi, siyosiy-huquqiy bilimi, yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar mazmun-mohiyatini nechog‘li to‘g‘ri tushuntira olishi, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgani, nutq madaniyati kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Qabul qilinayotgan qonunlar, Prezidentimizning qaror va farmonlarida belgilangan ustuvor vazifalar, ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida keng tushuncha berildi.

– Yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olish muhim ahamiyatga ega, – deydi Navoiy viloyatidan kelgan D.Abdurahimova. – Targ‘ibot tadbirlarimizda chekka hududlardagi yoshlarni ham qamrab olib, ularning qiziqish va muammolari bilan yaqindan tanishishga harakat qilamiz. Bu ishlarni samarali olib borish uchun viloyatimizdagi iqtidorli, faol va tashabbuskor talaba-yoshlarni o‘zida jamlagan “Ma’rifatparvar yoshlar” klubini tashkil etdik. Klub a’zolari joylarga chiqib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga turli fanlardan mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Tengdoshlariga ko‘maklashib, erishayotgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashadi.

Seminarda Respublika yosh targ‘ibotchilar markazining keyingi yil uchun ish rejasi samaradorligini oshiruvchi loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, kitobga, bilim olishga qizishini oshirish, bu yo‘nalishda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 480






Все о погоде - Pogoda.uz