O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkorning loyihasi samara bera boshladi

Yosh tadbirkorning loyihasi samara bera boshladi

Jizzax viloyati Zomin tumanida “Dashtobod Rabbim Agro” naslli quyonchilikni koʻpaytirishga ixtisoslashtirilgan masʼuliyati cheklangan jamiyati shu paytgacha Jizzax va qoʻshni Sirdaryo viloyatidagi havaskor quyonboqarlarga 2 ming boshdan ziyod naslli quyon sotdi.

Bundan uch yil avval 50 bosh quyon boqish bilan ish boshlagan yosh tadbirkor Oʻktam Muxtorov bugun bu ishning siru asrorini ancha puxta oʻzlashtirib oldi. Bu ishda unga otasi Jakbarali aka xoʻjalikning ish boshqaruvchisi sifatida yaqindan yordam bermoqda.

Tadbirkor 2018-yilda 35 sotix yerda zamonaviy quyonxona binosi qurdi. Otasining maslahati bilan xoʻjalikda Yangi Zelandiyaning “Oq velikan” zotli mahsuldor quyonlarni boqishni boshladi.

— Toʻgʻri parvarishlansa, ozuqa bazasi yetarli boʻlsa, quyonchilik serdaromad tarmoq, — deydi Jakbarali Muxtorov. — Faoliyatimizni yana kengaytirish uchun tuman hokimiga qoʻshimcha yer soʻrab qilgan murojaatim ijobiy hal etildi. Quyon yemini ishlab chiqaruvchi korxona qurish niyatidamiz. Bitta quyon oyiga 7,5 kilogram yem yeyishini hisobga olsak, 450 tasiga 3,5 tonna ozuqa zarur. Bir kilogramm yem 3000 soʻm turishini hisobga olsak, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻysak, tannarx arzonlashadi.

Bundan tashqari, tadbirkor 10 gektarda bogʻ barpo etib, 4 ming 500 tup mevali koʻchat ekdi. Ota-bola tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish davomida yana qoʻshimcha 10 ta ish oʻrni yaratishni rejalashtirishgan.

1 046
O'zA