O‘zA O`zbek

08.08.2018 19:56 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkorlar uchun mahorat darslari

Yosh tadbirkorlar uchun mahorat darslari Namanganda yosh tadbirkorlar uchun “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslari o‘tkazildi.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan turli muammolarni bartaraf etish, tajriba almashishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda poytaxtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi, “Paynet”, “Le Bazar”, “DEKOS”, “Deli”, “Murad Buildings”, “Ground Zero”, “Edu-Action”, “Fiori Flower Boutique”, “Nestle Uzbekistan” singari korxona va tashkilotlar vakillari yosh tadbirkorlar uchun biznes yuritish, unda maqsad va muvaffaqiyatga erishishning nazariy-amaliy omillari, tadbirkorlik faoliyati, menejment va marketing, biznes loyiha ishlab chiqish hamda uni amaliyotga tatbiq etishning zamonaviy mexanizmlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi.

– Qo‘ziqorin yetishtirish va undan dorivor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqida anchadan buyon o‘ylab yuraman, – deydi Chortoq tibbiyot kolleji o‘quvchisi L.Yusupova. – Ishni nimadan boshlashni bilmay turgandim, bugungi tadbirda bu borada o‘zim uchun ko‘plab kerakli va foydali ma’lumotlar oldim. O‘qishni bitirgunimga qadar biznes reja tuzib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga tayyorlanib boraman.

Tadbirda mehmonlar yosh tadbirkorlar, fermer va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Namangan shahar davlat xizmatlari markazi, “Istiqlol dizayn markazi”, “Aisha Home Textile” singari bir qator davlat muassasalari hamda ilg‘or sanoat korxonalari faoliyati, viloyat markazining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat)O‘zA
2 559