Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 19:17 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkor Aziza Orifboyeva Prezidentimiz bilan uchrashgandagi quvonchini so‘zlab berdi

Yosh tadbirkor Aziza Orifboyeva Prezidentimiz bilan uchrashgandagi quvonchini so‘zlab berdi Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi davomida har gal oddiy odamlar bilan muloqot qiladi, ularning turmush sharoiti bilan qiziqadi, qiynayotgan tashvish va muammolariga alohida e’tibor qaratadi.

Joriy yil 5 yanvar kuni Toshkent viloyatiga qilgan navbatdagi tashrifi chog‘ida ham Prezidentimiz hududda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. Yangiyo‘l shahrida joylashgan “Fayzli” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi bilan muloqot ham samimiy ruhda o‘tdi. Uchrashuv mahalla ahliga bir olam zavq bag‘ishlash bilan birga, ularni to‘lqinlantirib yubordi, hayotga, ertangi kunga ishonchini mustahkamladi.

7.JPG

– Har bir ona farzandining sog‘-salomat ulg‘ayishini, zamonaviy ta’lim olib, qaysi sohani egallamasin, jimiyatga kerakli shaxs bo‘lib kamolga yetishini istaydi, shundagina o‘zini baxtli his qiladi, – deydi uy bekasi Gulnora Ismoilova. – Yurtimizda iste’dodli yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularning o‘z qobiliyat va salohiyatini yuzaga chiqarishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Uzoqqa bormaylik, o‘z hayotim misolida ayta qolay. Qarang, turmush tashvishlari bilan bo‘lib, o‘g‘limning darslarni qanday o‘zlashtirayotganiga e’tibor qilmabman, sportga, ayniqsa, futbolga qiziqishini bolalik sho‘xligiga yo‘yibman. Maktabdagi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi “O‘g‘lingiz Komiljon mashg‘ulotlarda faol qatnashadi. Uning to‘p bilan qiladigan turli harakatlarini bir ko‘rsangiz, ko‘zingiz quvonadi. O‘z ustida ishlab charchamaydi. Kelgusida mahoratli futbolchi bo‘lishi uchun maxsus futbol maktabiga berish zarur”, degan maslahatidan so‘ng o‘ylanib qoldim. Keyin bir necha bor soha mutaxassislariga murojaat qildim. Biroq, ba’zi masalalar tufayli ijobiy hal bo‘lmay kelayotgandi. Bugun davlatimiz rahbari o‘zlari bizning oldimizga kelib, muammolarimizni tingladi, jumladan, o‘g‘lim bilan bog‘liq meni qiynayotgan masalani bir pasda ijobiy hal etib berdi. Bundan juda xursandman, hozir terimga sig‘may ketyapman. Ishongim kelmaydi, menday oddiy bir fuqaroni davlat rahbari shaxsan tinglasa-yu, yechimini topib bersa!? O‘g‘ilginam “Bunyodkor” bolalar va o‘smirlar futbol maktabiga qabul qilindi. Ishonmassiz, men hozir osmondaman, yettinchi osmonda! Komiljonimning xursandchiligini ko‘rsangiz, fuqaroparvar shunday Prezidentni yetkazganiga behisob shukronalar aytasiz. Kechalari to‘pni quchoqlab uxlayapti. Nasib qilsa, hali zo‘r futbolchi bo‘ladi, Prezidentimizning ishonchini oqlaydi.

2 (1).JPG

– Mamlakatimizda yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb qilish, tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi yosh tadbirkor Aziza Orifboyeva. – Dadam vafot etgach, ro‘zg‘or yumushlarini yolg‘iz o‘zi qilayotgan onamga oson bo‘lmadi. Kollejni 2016-yilda tamomlaganimdan so‘ng, onamga ko‘maklashish maqsadida Xalq bankining hududiy bo‘limidan 25 million so‘m kredit oldim. Hozir Yangiyo‘l shahar dehqon bozori hududidagi yangi do‘konimizda non va non mahsulotlari bilan savdo qilaman. Biroq, so‘nggi paytlarda oilaviy sharoitimizda yuzaga kelgan turli muammolar, onamning tez-tez salomatligi yomonlashayotgani tufayli bankdagi kredit to‘lovlarini vaqtida to‘lashga biroz qiynaldim.

Prezidentimiz Yangiyo‘lga tashriflari chog‘ida mening ham muammolarimni tinglab, “Qizim, hali ko‘p baxtli kunlaring oldinda. Yosh bo‘lishingga qaramay, yaxshi niyat bilan o‘z tadbirkorligingni boshlabsan, xursand bo‘ldim”, deb meni bag‘riga bosdi. O‘zimni xuddi otamning bag‘ridagiday his qildim, ko‘zimdan quvonch yoshlari tinimsiz oqadi, deng. Aslida ham shunday-da. Biz, yoshlar barcha sohada yaxshi natijalarga erishishimiz uchun har tomonlama sharoitlar yaratib bermoqda. Kuni kecha Yangiyo‘l shahri hokimligi tomonidan oilamizga moddiy yordam ko‘rsatildi. Tadbirkorlik faoliyatimni yanada rivojlantirish masalalari ijobiy hal kilinadigan bo‘ldi. Buning uchun oddiy insonlar tashvishi bilan yashayotgan, odamlarga g‘amxo‘r bo‘lib, og‘irini yengil qilish yo‘lida astoydil qayg‘urayotgan Prezidentimizdan minnatdorman.

Abdulaziz Musayev, Yolqin Shamsiddinov (foto), O‘zA
8 710