O‘zA O`zbek

11.01.2018 15:43 Chop etish versiyasi

Yosh shifokorlar qasamyod qildi

Yosh shifokorlar qasamyod qildi Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mamlakatimizda aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining bilimi va kasb mahoratini oshirish, kasalliklarni aniqlash va davolashda ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Xorazm viloyatida ham tibbiy xizmat sifati oshib, sohada zamonaviy ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, kasalliklarning oldini olish va samarali davolash, barcha yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali tomonidan qator ishlar amalga oshirilayotir. Ayni damda ushbu oliygohda talabalarga 200 ga yaqin professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Tibbiyotning turli yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlarni xalqaro talab va standartlar darajasida tayyorlashni yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnik bazani mustahkamlash, bo‘lg‘usi shifokorlar olgan nazariy bilimini amaliyotda qo‘llashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda filialning 117 nafar bakalavriat va 67 nafar ordinatura yo‘nalishi bitiruvchilari tibbiyot sirlarini puxta egallab, el salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilish uchun "Shifokorlik qasamyodi”ni qabul qildi.

4.jpg

– Men o‘zim tug‘ilib o‘sgan Yangiariq tumanidagi tibbiyot birlashmasida mehnat faoliyatimni boshlayman, – deydi Jaloliddin Begmatov. – Bu menga katta quvonch bag‘ishlashi bilan birga, ulkan mas’uliyat yuklashini ham yaxshi anglayman. Bugungi tadbirda kasbimizga sodiqlik ramzi sifatida qasamyod qildik. Aholi salomatligiga mas’ul bo‘lishdan ham ortiq sharaf bormi? Men shunday kasbni tanlaganimdan faxrlanaman. 

San’atkorlar va talabalarning ijodiy chiqishlari tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA
19 228