O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Yosh robototexniklar

Yosh robototexniklar

Chuqur, puxta va mukammal taʼlim, har bir yoshning oʻz ustida qattiq ishlashi, egallayotgan kasbining siru asrorlarini ipidan-ignasigacha chuqur oʻrganishi uning bilim darajasini oshiradi. Insonning jismoniy va aqliy qobiliyatini koʻtaradi. Pirovardida jamiyatda murakkab ishning ham uddasidan chiqa oladigan yuqori malakali yangi ishchi kuchi yuzaga keladi.

Bu mehnat samaradorligining oshishiga, aholi daromadining oʻsishiga olib boradi. Inson kapitali tushunchasidagi muhim faktorlardan biri hisoblangan sogʻliqqa eʼtibor esa kasallik va oʻlimni qisqartirib, inson umrini uzaytiradi, mehnatga yaroqli aholining xizmat qilish muddatini oshiradi. Shunday qilib, inson kapitali bu – isteʼdodlardan tashqari, har bir inson tomonidan toʻplangan ilm, bilim, malaka, tajriba va sifatlar yigʻindisidan iborat. Taraqqiyot yoʻliga kirgan jamiyatda birinchi boʻlib inson kapitali sezilarli darajada ortadi.

Yana bir gap, eʼtibor bergan boʻlsangiz, aholining ilmi, bilimi, malakasi, mehnat unumdorligi yetarli darajada yuqori boʻlmagan, buning natijasida jamiyatni boshqarishda moddiy va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayrim davlatlar (Rossiya Federatsiyasi) insonning qancha umr koʻrishidan qatʼiy nazar, ish vaqtini oshirishga, qariyalarni nafaqaga chiqarish muddatini uzaytirishga majbur boʻlmoqda.

Yana bir muhim masala: yigʻilishda oliy taʼlim va ilm-fan sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan xorijdagi vatandoshlarimizni yurtimizda mutaxassisligi boʻyicha faoliyatga jalb qilish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi. Ilm odamining, akademik olimlar, professor-oʻqituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, talabalarga zamonaviy shart-sharoit yaratish, ular orasidan boʻlajak ilm-fan vakillarini topib, kamolga yetkazish zarurligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Ilmiy-tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Xoʻsh, muhokama qilingan bu muhim, dolzarb, ayni paytda murakkab masalalar boʻyicha shu kundagi vaziyat, ahvolimiz qanday?

Oʻzbekiston Milliy universitetida kasbiy taʼlim, malaka oshirish, tor mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv markazlarini birlashtiruvchi yagona Akademiya tashkil etilmoqda. Unda zamonaviy va talab yuqori mutaxassisliklarga boʻlgan kadrlar tayyorlash vazifasi qoʻyildi. Innovatsion ishlanmalarni joriy etish boʻyicha ilmiy-amaliy Markaz tashkil qilindi va yoʻnalishlar boʻyicha ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar ochildi. Mirzo Ulugʻbek nomidagi matematika, fizika, astronomiya va informatika fanlariga hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tashkil etildi.

“Orolboʻyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” Konsepsiya loyihasi ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Nukus tumanida 12 turdagi shoʻr va qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar hamda 25 turdagi manzarali daraxtlar koʻchatlari, 10 turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlari ekildi va “Moʻynoq ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasi” tashkil etildi.

Yaponiyaning OYO korporatsiyasi bilan hamkorlikda choʻl oʻsimliklarini ekish boʻyicha mutlaqo yangi, yopiq ildizli tizimda saksovul yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqildi. “Moʻynoq” uchastkasida 3 ming dona blok-inkubatorlar tayyorlandi. “Medical Manufacture Center” MCHJ qoʻshma korxonasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda birinchi innovatsion tibbiy buyumlar va implantlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqish boʻyicha Turkiyaning ilmiy texnologik tadqiqotlar kengashi “TUBITAK” tashkiloti hamda Qozogʻistonning Nazarboyev universiteti bilan hamkorlikda texnologik startaplar uchun “Tech Central Asia Tashkent” akseleratsion dasturi ishga tushirildi.

Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti bazasida bu yil “Yangi innovatsiyalar asosida dronlarni loyihalash va ekspluatatsiya qilish” yangi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha talabalar qabul qilindi hamda fakultet tashkil etildi. “Valmont Industries” AQSH korxonasi bilan birgalikda “Aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasi doirasida qishloq xoʻjaligi dalalarini innovatsion sugʻorish tizimi transferi joriy etilmoqda. Ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida Hindiston va Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda “Biznes-akselerator” oʻquv-amaliy markazi tashkil etildi.

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi uzumchilikka ixtisoslashgan “Tasmachi”, “Oltinobod” va “Uchqora” MFY hududlarida Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda mevalarni innovatsion usulda energiyatejamkor quritish loyihasi amaliyotga joriy etildi.

Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan Xatirchi tumanida yetishtirib kelinayotgan “Oq dum” va “Qizil dum” nomli noyob uzum bargi namunalaridan genom DNK ajratilib, mikrosetellitmarkerlar yordamida genotipik jihatdan oʻrganildi. Laboratoriya tahlillari natijalariga koʻra, “Oq dum” navi tozaligi 75 %ni, “Qizil dum” uzum navi tozaligi esa 80 %ni tashkil qilgani aniqlandi va “In vitro” usulida tayyorlangan uzum koʻchatlari Xatirchi tumanidagi fermer xoʻjaliklariga tarqatildi.

Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida xususiy kapital asosida innovatsion markazlar ochilmoqda. Hududlarda davlat- xususiy sherikchiligi asosida innovatsiya markazlarini tashkil qilish tizimi ishlab chiqildi. Termiz, Namangan, Fargʻona, Urganch va Nukus shaharlarida innovatsiya markazlari tashkil qilinmoqda.

Bugungi kunda ikkita Investitsiya kompaniyasi (Venchur Kapital Investva Oʻzbek-Amirlik Invest kompaniyasi) tashkil etildi. Xorij tajribasi asosida sohani faol rivojlantirish uchun maslahatchi sifatida Koreya Respublikasidan yuqori malakali ekspert Kim Jong Xyon jalb qilindi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “International Robotics Challenge” xalqaro robototexnika musobaqasi oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash Ulugʻbek jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda iqtidorli yosh robototexniklar oʻrtasida “RoboCUP” musobaqasi oʻtkazildi. Musobaqalarning ikki nafar gʻolibi Xitoyda oʻtkazilgan Nobel mukofoti sovrindorlari ishtirokida tashkil etilgan “Asian Science Camp” tadbirida qatnashish huquqiga ega boʻldi. “RoboFootball” yoʻnalishi boʻyicha yana ikki nafar gʻolibga imtiyoz asosida Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga oʻqishga kirish huquqi berildi.

Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Markazda robototexnika va mexatronika, uchuvchisiz parvoz etuvchi qurilmalar, 3D prototiplashtirish, aerokosmik, sanoat sohasidagi internet buyumlari, 5G yangi avlod tarmoqlari laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda. Markaz, shuningdek, gʻoyalar generatorlari, startaplar, biznes vakillari va boʻlajak akademiklar platformalarini oʻz ichiga oladi. Toshkent viloyatidagi Ulugʻbek posyolkasi ilmiy shahar maqomini oldi. Son oʻzgarishlari maʼlum boʻlgan qonunlar asosida sifat oʻzgarishlariga olib kelmoqda.

Yana bir yangilik. Respublikamizda maorif tizimini yanada taraqqiy ettirish boʻyicha Oʻzbekiston bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida bitim imzolandi. Bu bitim asosida Oʻzbekistonga maorif tizimini rivojlantirish uchun 5 yil muddatga 50 million dollar mablagʻ ajratiladi. Shundan 19,5 million dollari kelib tushdi. Mablagʻlar boshlangʻich sinflarda mutolaa va matematika fanlarini oʻrgatishni yaxshilash, axborot texnologiyalaridan keng foydalanish va ingliz tilini oʻrganishga yoʻnaltiriladi. Amerikalik hamkorlar tomonidan maktablarda ingliz tilini oʻrganishni yanada takomillashtirishga qoʻshimcha 5 million dollar mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

Olimlar, tadbirkorlar va tashabbuskor yoshlarning ilmiy-ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi. Mazkur akademiya tizimli ravishda iqtidorli olimlarning yangi avlodini tayyorlash masalalari bilan shugʻullanadi. Mamlakatimiz yalpi taraqqiyotining garovi boʻlgan inson kapitali yangi pogʻonaga dadil qadam qoʻymoqda, deb ishonch bildirsa boʻladi.

3 605
Irismat ABDUXOLIQOV, OʻzA