O‘zA O`zbek

12.07.2019 12:43 Chop etish versiyasi

Yosh olimlar Sankt-Peterburgda malaka oshirdi

Yosh olimlar Sankt-Peterburgda malaka oshirdi

Andijon mashinasozlik institutining bir guruh yosh professor-o‘qituvchilari Sankt-Peterburg politexnika universitetida malaka oshirish dasturini muvaffaqqiyatli yakunlab qaytdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Akademik innovatsiyalar fondi ko‘magida Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekistonda oliy ta’lim va ishlab chiqarishning sinergetik integratsiyasini yaratish”, shuningdek, “Mexatronika va robototexnika yo‘nalishi o‘quv dasturlarini innovatsion g‘oyalar va raqamli texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish” loyihalari doirasida Sankt-Peterburg politexnika universitetida tashkil etilgan ikki haftalik malaka oshirish dasturida Andijon mashinasozlik institutining yosh olimlari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Ishtirokchilar qisqa muddat davomida Sankt-Peterburg politexnika universitetining ilmiy-tadqiqot institutlari, ishlab chiqarish markazlari va korxonalarida bo‘lib, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ta’limga innovatsion g‘oyalar va raqamli texnologiyalarni tatbiq etish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi, bu boradagi tajribalarni o‘rgandi.

Yuqorida qayd etilgan loyihalar doirasida ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida memorandum imzolandi, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

– Ushbu malaka oshirish dasturida qatnashib, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi Andijon mashinasozlik instituti o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Jo‘raxonov. – Bu albatta, faoliyatimizga xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ilg‘or uslub va tajribalarni tatbiq etishda bizga yordam beradi.

Malaka oshirish dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan andijonlik yosh olimlar maxsus guvohnoma va sertifikatga ega bo‘ldi.

Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA
496