O‘zA O`zbek

12.10.2018 13:36 Chop etish versiyasi

“Yosh olimlar” klubi ish boshladi

“Yosh olimlar” klubi ish boshladi

Navoiy viloyati “Barkamol avlod” bolalar markazida “Yosh olimlar” innovatsion klubi tashkil etildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda mamlakatimizda jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk avlodni tarbiyalash, ularning ongi va qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuygʻularini yuksaltirish, iqtidorli, izlanuvchan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va munosib ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Dastlab umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda 10 ga yaqin yoshlar ishlab chiqarish, servis, qishloq xoʻjaligi sohalariga oid innovatsion gʻoya va ishlanmalarini namoyish qildi. Navbahor tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Behzod Odilovning “Issiqxonani avtomatik sugʻorish” loyihasi koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

– Viloyatimizda issiqxonalarda sabzavot yetishtirish ancha rivojlangan, – deydi B.Odilov. – Aksariyat tadbirkorlar ekinni sugʻorish jarayonida yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklari sabab hosildorlik 20-30 foizga pasayib ketadi. Ushbu loyiham ekinni parvarishlash, yerning namligini aniqlash va sugʻorish ishlarini avtomatik nazorat qilish, suvni tejashda qoʻl keladi.

Karmana tumanidagi 21-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Humoyun Haydarov klubga rahbar etib tayinlandi. U bir necha nufuzli yarmarka va musobaqalarda faxrli oʻrinlarni egallagan. Xususan, joriy yilda Toshkentdagi Turin politexnika universiteti, Toshkent politexnika muzeyi hamkorligida tashkil etilgan “Yosh ixtirochilar – 2018” tanlovida “Aqlli ventilyator” va “Zamonaviy kran” ixtirolari bilan qatnashib, “Eng yaxshi muhandislik ishi” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi. Viloyatda oʻtkazilgan innovatsion yarmarkada “Mobil muzlatkich” va “Multimert” nomli loyihalari bilan qatnashib, 10 million soʻm pul hamda Xitoy davlatiga safarga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Mamlakat miqyosida boʻlib oʻtgan “Innoweek – 2018” yosh ixtirochilar innovatsion haftaligida “Aqlli uy” loyihasi bilan robototexnika va mexatronika yoʻnalishida birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, Meksika davlatida oʻtkazilgan xalqaro “First global challange” (Birinchi xalqaro musobaqa) robototexnika olimpiadasida Oʻzbekiston jamoasi tarkibida Oʻrta Osiyo mamlakatlari oʻrtasida ularga teng keladigani topilmadi.

Darhaqiqat, “Yosh olimlar” klubi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyat hokimligi qariyb 215 million soʻm ajratgan edi.

Klub Navoiy shahri, Karmana va Navbahor tumanlari oʻquvchilarini qamrab olgan. Bu kabi klublar boshqa hududlarda ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ularning rahbarlari shu yerda oʻqitiladi. 

Oʻzining innovatsion gʻoya, ixtiro va loyihalari bilan klubga aʼzo boʻlish istagini bildirgan 50 nafarga yaqin oʻquvchidan 20 nafari tanlab olindi. Dastlabki mashgʻulotda ular ishtirokida “Xavfsiz uy”, “Aqlli qafas” va “Zamonaviy chiqindi tashlanadigan quti” loyihalari muhokama qilindi.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
818