Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 21:23 Chop etish versiyasi

Yosh oilalar va qizlar forumi

Yosh oilalar va qizlar forumi Andijonda Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami hamda 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlangan "Yosh oilalar va qizlar" birinchi respublika forumi tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va qator tashkilotlar hamkorligida Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida o‘tkazilayotgan forum doirasida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida tashkil etilgan “Men ham yetakchi bo‘laman” mavzusidagi tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi faollari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, talabalar, yosh oilalar va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda navqiron avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratish, yoshlarning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Ayniqsa, qiz bolaning tarbiyasi, uni zamonaviy bilim va kasb-hunarga o‘rgatish, yuksak ma’naviyatli, odob-axloqli qilib voyaga yetkazish oiladagi muhim va nozik masala hisoblanadi, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova. – Shu ma’noda mazkur forum yosh oilalarni mustahkamlash, yoshlar, xususan, qizlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kiyinish, muomala va tibbiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Uyushmagan qizlarning iste’dodli va faol qizlar bilan do‘stona aloqalarini mustahkamlash, “Tengdosh – tengdoshga o‘rnak” shiori ostida namunali va faol qizlar faoliyatini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda siyosiy partiyalar “Ayollar qanoti” faollari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputati bo‘lgan, shuningdek, turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan rahbar hamda tadbirkor ayollar bilan qizlarning ochiq muloqotlari bo‘lib o‘tdi.

Bahs-munozara, savol-javob tarzida o‘tgan tadbir doirasida qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi, samarali ish yuritish bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

– Muloqot va mashg‘ulotlar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Andijon mashinasozlik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi faoli Mumtoza Madaminova. – Rahbar va deputat ayollar bilan suhbatlarda fidoyilik, yetakchilikning o‘ziga xos jihatlari xususida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Bu kelgusidagi faoliyatimda asqotishiga ishonaman.

Hafta oxiriga qadar davom etadigan forum doirasida Andijon davlat universitetida “Ta’lim va fan” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya, kitob aksiyasi, yangi kitoblar taqdimoti, viloyat “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazida yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida “Kim nimaga qodir?” mavzusida mahorat darslari, o‘quvchi-qizlarning ijodiy ko‘rgazmalari, Andijon olimpiya zaxiralari kollejida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, to‘g‘ri ovqatlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, yoshlarning tibbiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan mashg‘ulotlar, sportning bir necha turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
823






Все о погоде - Pogoda.uz