Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

24.05.2018 15:09 Chop etish versiyasi

Yosh ishbilarmonlar ko‘rgazmasi

Yosh ishbilarmonlar ko‘rgazmasi Andijonda “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida yosh tadbirkorlar, hunarmand va fermerlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning hududiy savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati” Davlat dasturi ijrosi doirasida yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlar o‘z mahsulotlari, innovatsion ishlanma va g‘oyalari bilan qatnashdi.

3.JPG

7.JPG

– Korxonamizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda, – deydi Baliqchi tumanidagi “Oltin yer himoya” aksiyadorlik jamiyati raisi, yosh tadbirkor Shahrizod Musaboyev. – Asosiy faoliyatimiz fermer xo‘jaliklari, aholiga qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, kimyoviy mahsulotlar yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunandalardan asrash bo‘yicha zarur tavsiya, maslahat va amaliy yordam ko‘rsatishdir. Bugungi ko‘rgazmada mahsulot yetkazib berish va hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdik.

Ko‘rgazmada yosh hunarmandlar tomonidan namoyish etilgan kashtachilik, do‘ppido‘zlik mahsulotlari, milliy liboslar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yoshlarning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qilgan ko‘rgazmaning faol ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
1 534